Mashinasozlik, jumladan avtomobilsozlik sanoati har qanday rivojlangan iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlat uchun barqarorlik kafolati deyish mumkin. Chunki, aynan avtomobil ishlab chiqarish jarayonida juda katta kuch sarflanadi va sohada ko‘plab ish o‘rinlari barpo etiladi.
Bir necha kun avval Xalqaro Press klubda “O‘zavtosanoat” AJ va o‘zbek avtomobilsozligi vakillari ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya og‘ir iqtisodiy ahvolda bo‘lgani sababli GM Uzbekistan mahsulotlari narxini 14 foizga oshirishga qaror qilingani aytildi. Keyinchalik, AJ boshqaruvi bu qaror ijrosini O‘zbekiston raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘rganib chiqayotgani bois to‘xtatib turish kerak, degan to‘xtamga keldi.
Biz o‘z navbatida o‘quvchilarimiz e'tiboriga “Yirik avtosanoatlar tarixi” turkum maqolalarini havola qilishni, unda, garchi bu mavzuda juda ko‘p va xo‘p gapirish mumkin bo‘lsa-da, Janubiy Koreya, Germaniya hamda Xitoy avtomobilsozlari erishgan natijalar xususida ma'lumot berishni maqsad qildik. Demak, navbat dunyo avtosanoatida o‘z so‘ziga ega bo‘lgan Germaniya avtomobilsozligi haqida.
Germaniya davlati qaysi soha rivoji bilan barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi, deyilsa, hech ikkilanmasdan nemis avtosanoatini ko‘rsatish mumkin. Hech kimga sir emaski, Germaniyada ishlab chiqilgan avtomobillar butun dunyoda ma'lum va mashhur, ularga talab yuqori. Yer sharining istalgan nuqtasida Volkswagen, Audi, Porsche, Mercedes-Benz, Opel va BMW kompaniyalari ishlab chiqargan turli avtomashinalarni uchratish mumkin.
Germaniya avtomobilsozligi muvaffaqiyatining siri shundaki, bu yerda ishlab chiqilgan mashinalar haqiqiy nemis mashinalaridir. Dunyodagi ilk ichki yonuv dvigateli ham aynan shu yerda Karl Bents va Nikolas Otto tomonidan bir-biridan mustaqil ravishda ixtiro qilindi. G‘ildirakli kajavaga motor o‘rnatilishi natijasida birinchi mashina ham shu yerda paydo bo‘ldi. 20-asr ostonasida Germaniya ko‘chalarida 900ta avtomobil harakatlanar edi. Bundan yuz yillar avval asos solingan kompaniyalar bugungi kunda yirik konsernlarga aylanib ulgurgan. Ular milliy iqtisodiyotning ishonchli poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Germaniya Yevropa avtomobilsozlari orasida yetakchi bo‘lsa-da, jahon miqyosida Xitoy, AQSh va Yaponiyadan keyingi o‘rinda turadi. Biroq germaniyalik avtosanoatchilar sifatga ko‘proq urg‘u berishgani uchun ham songa kamroq e'tibor qaratishadi. Shu boisdan ham bu mamlakat mashinalari eng ishonchli transport vositalari hisoblanadi.
Ta'kidlash o‘rinliki, Germaniya avtomobil sanoati jahon bozoridagi eng arzimas o‘zgarishga ham tezda e'tibor qaratadi, shu bilan birga o‘zining mustahkam poydevorga egaligini namoyish etadi. Dunyoning aksar avtomobil ishlab chiqaruvchilari savdo ko‘rsatkichlari tushishidan bong urayotgan bir vaqtda, xaridorlar nemis mashinalarini o‘zlari qidirib topishadi. Nemis avtokonsernlari o‘z faoliyatini ma'lum bir avtomobil ishlab chiqarish bilan cheklamaydi. Konveyyerlardan nafaqat yengil mashinalar, balki tijorat maqsadidagi va yuk mashinalar, qulay avtobuslar ham chiqadi.
Germaniya avtosanoatining yana bir ustunligi shundaki, u avtohavaskor yoki xaridor nimani istayotganini o‘z vaqtida anglab, shunga tezda moslasha olishidadir. Bugungi kunda tejamkor va ekologik mashinalar ishlab chiqish dolzarb bo‘lmoqda. Germaniya ayni shu tendensiyadan foydalangan holda, elektromobillar ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlarga bir yilda 20 mlrd yevro mablag‘ sarflamoqda. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, yaqin orada Germaniya elektromobillar ishlab chiqarish borasida dunyoning yetakchi mamlakatiga aylansa, ajablanmasa ham bo‘ladi. 2020 yilga kelib, hukumat taxminicha, Germaniya yo‘llarida kamida 1 mln elektromobil harakatlanadi. 2030 yilda bu raqam 6 mln donaga yetishi mumkin.
Xo‘sh, umum tan olgan va Germaniya hamda butun dunyodagi zavodlar orqali 12 mlnga yaqin avtomobil ishlab chiqaruvchi nemis avtosanoati tarixi qanday?
Germaniya zamonaviy tushunchada haqli ravishda avtomobil vatani hisoblanadi. 1870-yillarda Karl Bents va Nikolas Otto bir-biridan mustaqil ravishda ichki yonuv dvigatelini barpo qila oldi. 1887 yilda esa Bents dvigatelni 4 g‘ildirakli kajavaga o‘rnatib, avtomobil qanday bo‘lishini belgilab berdi.
1901 yili Germaniya 900ga yaqin avtomobil ishlab chiqqan. 1926 yilga kelib, Karl Bents va Gotlib Daymler o‘z kompaniyalarini birlashtirib, dunyoga mashhur Daimler-Benz kompaniyasiga asos solishgan. U Mercedes-Benz brendi ostida avtomobillar ishlab chiqadi. Bavariya federal yerligi faxri bo‘lmish BMW 1916 yilda tashkil etilgan, biroq 1928 yildan mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Eng mashhur va uzoq muddat (oz emas, ko‘p emas, naq 65 yil mobaynida 10 lab million nusxada) ishlab chiqilgan Volkswagen Käfe’ni ishlab chiqqan Volkswagen va Porsche birmuncha keyinroq, uchinchi reyx davrida paydo bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda paydo bo‘lgan 2 Germaniyaning 1990 yilda birlashgunicha bir-biridan mustaqil ravishda ikkita avtosanoat faoliyat yuritgan. GFR yiliga 4 mln donagacha avtomobil ishlab chiqqan bo‘lsa, GDR bir yilda 260 ming atrofida mashina yetkazib bergan. Germaniya federativ respublikasi 1956-1966 yillarda avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha AQShdan keyingi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1967-1990 yillarda AQSh va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinda bo‘lgan.
Bugungi birlashgan Germaniyada 5ta avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, Germaniya avtomobilsozlik sanoatining asosini tashkil etadi. Bular Audi AG, Volkswagen AG, BMW AG, Daimler AG, Opel (Peugout-Citroen) va Ford Germany firmalaridir. Germaniyaning Volkswagen AG konserni jahon kompaniyalari orasida Toyota va General Motors firmalaridan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. Nemis avtosanoati Germaniya YaIMning 3 foizga yaqinini ta'minlaydi, mamlakat aholisining 2,5 foizga yaqini ushbu sohada mehnat qiladi.
Yuqorida bildirilgan ma'lumotlar va fikrlardan shunday xulosa qilish mumkinki, Germaniyada ham bir necha yillar ichida bir nechta avtomobil ishlab chiqaruvchilar faoliyat yuritgani sanoatning rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan. Shunga binoan, bemalol aytish mumkinki, O‘zbekistonda ham avtosanoatda kasodga uchrash ehtimolidan kelib chiqib, vaholanki kasodga uchrash ham bozor iqtisodiyoti sharoitida normal holat hisoblanadi, raqobat muhitini barpo qilmaslik, bundan cho‘chishlik maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Bu holatda bir necha qisqa yillarda rivojlanishi mumkin bo‘lgan soha bir necha o‘n yillar davomida ham oqsab qolishi ta'minlanadi.