O‘zbek iqtisodiyotiga “golland kasalligi” xuruj qilyaptimi?

Iqtisodiyot 01:58 / 31.07.2018 46805

Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanida: “Barcha baxtli oilalar birday baxtli, baxtsiz oilalar esa o‘zicha baxtsiz” iborasi bor. Iqtisodiyotda ham ana shu mashhur iboraga asoslangan “Anna Karenina tamoyili” mavjud. Xo‘sh, bizning baxtimiz nimada, baxtsizligimiz nimada? Bu savol barchani birdek o‘ylantirishi tabiiydir. Bizning baxtimiz, albatta, jannatmakon yurtimiz va jannatmonand insonlarimizdir. Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning mineral xomashyo zaxiralari 5,7 trln. dollarga baholanmoqda. Ammo bizning baxtsizligimiz mavjud tabiiy, iqtisodiy resurslardan yetarlicha samarali foydalana olmayotganligimizda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi dunyo amaliyotida iqtisodiyotning “golland kasalligi” kabi salbiy holatlar mavjudligidan darak beradi. Quyida sizu biz ogoh bo‘lishimiz lozim bo‘lgan mazkur salbiy holat to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

“Golland kasalligi” biz o‘ylaganimizchalik oddiy tushuncha emas. “Golland kasalligi” tushunchasi birinchi marotaba 1977 yilning noyabr oyida Economist jurnalida keltirib o‘tiladi. Mazkur tushunchaga izoh berilar ekan, Gollandiyada tabiiy gaz qazib olishning ko‘payishi iqtisodiyotning boshqa sohalarida ishlab chiqarish sur'atlarining pasayishiga olib kelganligi aytib o‘tiladi. Hamma gap shundaki, Sloxterendan uncha uzoq bo‘lmagan Groningen provinsiyasida “zangori olov”ning yirik koni ochiladi. Aynan, shu sababli ham mazkur tushunchaning “Groningen samarasi” degan boshqa nomi ham mavjud.

Biroq iqtisodiyotning “golland kasalligi” bizni uzoq XVII asrning boshlariga Gollandiya davlatiga o‘ziga xos “sayohat” qilishga yetaklaydi. O‘sha davrda Gollandiyada aholining aksariyat qismi lola yetishtirish bilan shug‘ullanar edi. Bu paytda Yevropada lolaga talab kun sayin o‘sib borar, uning yangi navlari narxni yana ham o‘sishiga sabab bo‘lar edi. Buning natijasida lola biznesi boshqa bizneslarga nisbatan bir muncha foydali bo‘lib qoldi, ba'zi hollarda, lola piyozi gollandiyalik fuqaroning o‘rtacha yillik daromadidan qariyb olti marotaba yuqori narxlarda sotilar edi. 1636 yilda lola piyozlari mamlakatning turli shaharlaridagi birjalarda sotila boshladi. Ammo 1637 yilning kirib kelishi bilan vaziyat mutlaqo boshqacha tus oldi. Lola va lola piyozlariga qiziqish so‘ndi va shuning bilan bir qatorda lola piyozlariga mayda zararkunandalar ziyon yetkazib, tovar sifati pasayib ketdi. Bularning barchasi mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy ziyon keltirdi: iqtisodiyotning ko‘plab sohalari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani oqibatida, ularni oyoqqa turg‘azish uchun jiddiy bosh qotirish kerakligi ayon bo‘lib qoldi.

Xo‘sh, bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida “golland kasalligi”ning belgilari bormi?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yanvar-iyun oylarida 17,7 mlrd AQSh dollarini, shu jumladan, eksport 7,8 mlrd va import 9,9 mlrd dollarni tashkil qilgan. Yarim yil davomida tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 78,5 foizga o‘sishi tabiiy gazning 1,9 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Tabiiy gaz eksporti joriy yilning birinchi yarim yilida 1139948 ming dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda “O‘zbekneftegaz”ning mamlakatimiz Yalpi ichki mahsulotidagi ulushi qariyb 15 foizni, davlat byudjyeti daromadlarining beshdan bir qismi mazkur kompaniya faoliyati hisobiga shakllanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda yiliga qariyb 70 milliard kubometr tabiiy gaz va 8 million tonnaga yaqin suyuq uglevodorodlar qazib olinadi. Biroq uglevodorodlar qazib olish yildan yilga kamayib borayotganligini ta'kidlab o‘tish lozim. Iqtisodiy xavfsizlikning jahonda qabul qilingan me'yorlari bo‘yicha mamlakat milliy daromadining tabiiy resurslarni sotish evaziga shakllanadigan qismi 20 foizdan oshadigan bo‘lsa, bu mamlakatning iqtisodiy xavfsizligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi ko‘rsatib o‘tilgan. Xo‘sh, iqtisodiyotimizda mana shunday salbiy holatlarning vujudga kelmasligi uchun nima qilishimiz kerak?

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining taraqqiy etishi, bir so‘z bilan aytganda bashariyatning yashab qolishi bilim va tafakkurga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Butun dunyoda hozirda bir milliarddan oshiqroq aholining qashshoqlikda kun kechirayotganligi, turli mintaqalarda harbiy harakatlarning davom etayotganligi, yangi urush o‘choqlarining paydo bo‘lish xavfining ortib borayotganligi, dunyoda 25 milliondan ortiq bolaning oddiy maktab ta'limidan bebahra qolayotganligi, chegara bilmas ekologik ofatlar ko‘lamining kengayib borishi va shu kabi muammolar barchamizni hushyor tortishga, barcha xatti–harakatlarimizni ilmiy asoslarga tayangan holda muvofiqlashtirishimizni talab etmoqda.

Inson taraqqiyotining asosiy maqsadi insonlarning moddiy farovonligini ta'min etib bera oladigan, uzoq davr mobaynida sog‘lom turmush tarzi va bunyodkorlik ishlaridan zavqlanib yashay olish imkonini beruvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan qulay yashash muhitini yaratib berishdan iboratdir. Bugungi kunda inson manfaatlari har narsadan ustun qo‘yilayotgan bir paytda, insonlarning turmush farovonligini oshirishda ta'lim sohasi asosiy tashkil etuvchilardan biri sanaladi. Ta'lim sohasi rivojining yuksak darajasi va unga monand ravishda fan va texnikaning yuqori sur'atlarda taraqqiy etishi butun insoniyat tadrijiy taraqqiyoti tarixida ijtimoiy, iqtisodiy va texnik rivojlanishning muhim omili bo‘lib kelganligi bugungi kunda hech kimga sir emas, albatta.

Taraqqiyotning yuqori darajasi endilikda mamlakatning “kiborlar jamiyati”ga tegishliligini bildiruvchi bir o‘ziga xos tavsif emas, balki kuchli raqobat va chuqurlashib borayotgan globallashuv sharoitida yashab qolish, iqtisodiy va pirovardida esa siyosiy mustaqillikni ta'minlashning hal qiluvchi omiliga aylandi. Savodxonlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar ishlab chiqarishni yanada taraqqiy ettirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida yetarlicha katta imkoniyatlarga ega bo‘lishini bugungi hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bunday mamlakatlarda ishsizlik darajasining past bo‘lishi va ish izlash maqsadida mehnatga layoqatli aholi emigratsiyasining past bo‘lishi odatiy holdir. Mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining uzoq muddatli trendli tahlillari yuqorida tilga olib o‘tilgan ko‘rsatkichlarning ta'lim darajasiga uzviy bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Tahlillardan yana shu narsa ko‘rinadiki, uzoq muddatli trendda ta'lim darajasi past bo‘lgan birorta ham boy mamlakat mavjud emas. Ayni chog‘da qisqa va o‘rta muddatli vaqt oraliqlari boshqacha manzara ham namoyon etishi mumkin. O‘tgan asrlarda mustamlakalar va bosqinchilik urushlari evaziga mamlakatlar birmuncha vaqt boy mamlakatlar qatoridan o‘rin egallab kelishgan. Bugungi kunda ham ayrim holatlarda yuqori likvidli va narxi jahon bozorida o‘sib borayotgan tabiiy resurslarga ega mamlakatlar boy mamlakatlar qatoridan joy olishlari mumkinligini ham istisno etish fikridan yiroqmiz. Ammo, shuni qayta–qayta takrorlab o‘tishimiz joizki, tobora chuqurlashib borayotgan globallashuv va shiddatli tus olayotgan xalqaro raqobat sharoitida xomashyo resurslariga asoslangan boylik, agar u aholi savodxonlik darajasini muttasil tarzda o‘stirib borish va olingan bilim, egallangan tajriba va ko‘nikmalarni iqtisodiyot sohalariga samarali transformatsiya qilish bilan qo‘llab–quvvatlanmas ekan u, albatta, uzoq muddatga dosh bera olmaydi, mamlakatning jahon xo‘jaligidagi o‘rni zaiflashib boraveradi. Jaloliddin Rumiy hazratlari: “Avval aqlli edim, dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim, endi bo‘lsa donoman o‘zimni o‘zim o‘zgartirayapman” deb yozganlar. Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, agar biz jannatmakon yurtimizning bundanda ravnaq topishini istasak, har birimiz o‘zimizning dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz, mamlakatimiz va jahonda bo‘layotgan jarayonlarga tiyran nazar bilan qarashimiz talab etiladi.

Akmal Abduvohidov,

Guliston davlat universiteti

Ko‘proq yangiliklar: