O‘zbekistonda narxlarning oshishiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 15:27 / 30.07.2018 37494

Markaziy bank 2018 yil II choragi yakuni bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda jami 437 ta korxona va tashkilotlar ishtirok etdi. So‘rovnomani o‘tkazish jarayonida respublika iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zdonmahsulot” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ va “O‘zeltexsanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar hamda «Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK kabi yirik korxona va tashkilotlar qamrab olingan.

So‘rovnoma doirasida korxona va tashkilotlarda mahsulotlar (ish, xizmatlar) narxlarining o‘zgarishi o‘rganilganda, respondentlarning 38 foizi so‘nggi chorak mobaynida narxlarni oshirganligini qayd etgan. Bunda, ushbu korxona va tashkilotlarning 82 foizida narxlar 15 foizgacha bo‘lgan miqdorda oshirilgan bo‘lib, respondentlarning 31 foizida narxlarning oshishi 1-5 foiz oralig‘ida, 39 foizida 6-10 foiz oralig‘ida hamda 12 foizida 11-15 foiz oralig‘ida shakllangan.

Tarmoqlar kesimida qaralganda, korxona va tashkilotlarning tog‘-kon sanoatida 60 foizida, kimyo sanoatida 47 foizida, qurilish materiallari sanoatida 39 foizida, oziq-ovqat sanoatida 40 foizida va yengil sanoatda 32 foizida mahsulotlar narxlari joriy yilning I choragiga nisbatan oshgan.

Qurilish ishlari sohasida respondent korxona va tashkilotlarning 77 foizida, transport sohasida respondent korxona va tashkilotlarning 48 foizida, tibbiy xizmat sohasida esa faqatgina 22 foizida ish va xizmatlar narxlari oshirilgan. 

Bunda, respondentlarning 65 foizi narxlar oshishining asosiy sababi sifatida xom-ashyolar narxlarining oshishini ko‘rsatgan. Xususan, xom-ashyolar narxlarining oshishi korxona va tashkilotlarning 22 foizida 1-5 foiz oralig‘ida, 39 foizida 6-10 foiz oralig‘ida, 16 foizida esa 11-15 foiz oralig‘ida shakllangan.

O‘z navbatida, respondentlarning 40 foizi so‘nggi chorak davomida import qilingan xom-ashyolar narxining oshganligini ma'lum qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: