MB so‘rovnomasi: iqtisodiyotdagi holat nisbatan yaxshilangan

Iqtisodiyot 12:26 / 28.07.2018 6556

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning II choragidan boshlab, Markaziy bankning tahliliy va tadqiqotlar bazasini rivojlantirish, pul-kredit siyosati chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda foydalanish maqsadida iqtisodiyot real sektori korxonalarining joriy iqtisodiy holati va istiqboldagi kutilmalarini o‘rganish yuzasidan davriy (choraklik) so‘rovnoma o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning II choragi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari umuman olganda mazkur chorak mobaynida respublika iqtisodiyotidagi holatning I chorakka nisbatan yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, so‘rovnomada qatnashgan korxona va tashkilotlarning 82 foizi so‘nggi chorakda iqtisodiyotdagi holatning nisbatan yaxshilanganligini, shu jumladan 56 foiz respondentlar mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmlarining real hisobda oshganligini, eksportyor korxona va tashkilotlarning 43 foizi esa eksport hajmining oshganligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, iqtisodiy holatning yaxshilanishi va ishlab chiqarish hajmlarining oshishiga mos ravishda, respondent korxona va tashkilotlarning 46 foizida joriy yilning II choragi davomida ish o‘rinlari soni ko‘paygan. Yuqoridagi ijobiy o‘zgarishlar mamlakat iqtisodiyotida so‘nggi davrlarda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar, xususan valyuta bozori faoliyatining erkinlashtirilishi, tashqi savdo shart-sharoitlarining yaxshilanishi, biznes va investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha ishlarning kuchaytirilishi bilan izohlanishi mumkin.

2018 yilning II choragi mobaynida respondent korxona va tashkilotlarning faqatgina 43 foizi ishlab chiqarishni yangilash va kengaytirish bilan bog‘liq investitsiyalarni amalga oshirganligi iqtisodiyotning real sektorida investitsion faollikning nisbatan sust darajada shakllanganligini anglatadi

So‘rovnoma doirasida real sektor korxonalari mahsulotlari (ish, xizmatlari) narxlarining o‘zgarishi ham o‘rganilgan bo‘lib, so‘rovnoma natijalari respondent korxona va tashkilotlarning qariyb 40 foizida narxlarining o‘tgan chorakka nisbatan oshirilganligini ko‘rsatdi. Bunda, respondentlarning 31 foizida narxlarning 1-5 foiz oralig‘ida va 39 foizida 6-10 foiz oralig‘ida oshirilganligi iqtisodiyotda ma'lum darajadagi inflyatsion bosimning saqlanib turganligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, so‘rovnoma natijalari iqtisodiyotning real sektoridagi o‘sish dinamikasining 2018 yil yakuni bo‘yicha ham saqlanib qolishi kutilayotganligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, respondent korxona va tashkilotlarning qariyb 70 foizida mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmining 2017 yilga nisbatan oshishi, shu jumladan respondentlarning 20 foizida o‘sish sur'atining 1-5 foiz oralig‘ida, 30 foizida esa 6-10 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: