2018 yilning birinchi yarim yilligida inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra iqtisodiyotda inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida pasayish tendensiyasi shakllanganligi kuzatildi, deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Shuningdek, joriy yilning II choragida davlat tomonidan ma'muriy tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlar narxlari (tariflari)ning oshirilishi hamda go‘sht va guruch kabi kundalik iste'mol tovarlarining qimmatlashishi mazkur davrda sezilgan inflyatsiya darajasining pasayish sur'atining yanvar-mart oylaridagi ko‘rsatkichga nisbatan sekinlashishiga olib keldi.
O‘z navbatida, sezilgan inflyatsiya darajasining pasayish jismoniy va yuridik shaxslarning kelgusidagi inflyatsion kutilmalarini shakllanishiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi.
O‘rganilgan davrda qisqa muddatli istiqboldagi (1 oy) inflyatsion kutilmalar indeksi dinamikasida pasayish iyun oyigacha davom etgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda (12 oy) iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar II chorak davomida deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
Respondentlar fikriga ko‘ra, uzoq muddatli inflyatsion kutilmalarning nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishiga kelgusi 12 oyda ish haqi oshishi natijasida yalpi talabning yanada ortishi hamda davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning ko‘tarilishi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan ekspertlarning katta qismi iqtisodiyotda uzoq muddatli inflyatsion kutilma yuqoriligini bildirishdi.
Aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksi2 2017 yilning oxirida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshishi ta'sirida, joriy yilning yanvar va fevral oylarida, yuqori darajada qayd etilib, 692 va 619 ga teng bo‘ldi. Ya'ni, respondentlar javoblarining balanslashtirilgan o‘rtachasi mazkur oylarda sezilgan inflyatsiya mos ravishda ulardan avvalgi oylardagi darajada bo‘lganini ko‘rsatdi.
Mart oyida sezilgan inflyatsiya indeksi o‘tgan oyga nisbatan keskin (25 foizga) pasaydi.
Joriy yilning II choragida elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlari oshirilishi sezilgan inflyatsiya ko‘rsatkichiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, indeksni biroz ko‘tarilishiga va keyingi oylarda uning pasayishini sekinlashishiga olib keldi. Mart-iyun oylarini balanslashgan indekslari mos ravishda ulardan avvalgi oylarda aholi uchun narxlar biroz oshgani sezilganligini ko‘rsatdi.
So‘rovda ishtirok etgan aholining oxirgi 12 oy davomida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 26 foizdan yuqori darajada bo‘ldi degan qismi yanvar oyida 48 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, ularning ulushi oyma-oy qisqarib borib iyun holatiga 28 foizga teng bo‘ldi. O‘z navbatida, narxlarning o‘sishi o‘rtacha 16 foizdan past darajada bo‘ldi degan qismi yanvar oyida 29 foizni tashkil etib, iyun oyiga kelib 44 foizgacha ko‘tarildi.
Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar “qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi” savoliga I chorak davomida asosan oziq-ovqat mahsulotlarini: mol go‘shti, qo‘y go‘shti, olma, pomidor va bodringni ko‘rsatgan bo‘lsalar, II chorak davomida esa oziq-ovqat mahsulotlaridan – mol go‘shti, qo‘y go‘shti va guruch, nooziq-ovqat tovarlardan – sement, xizmatlardan – elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti tariflarini belgilaganlar.
Shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan qisqa muddatli oylik inflyatsiya darajasi, benzin va qurilish mollari narxlari oshishi hamda ayrim toifadagi ishlab chiqaruvchilar uchun elektr energiyasi va gaz to‘lovlari uchun yangi tariflarning joriy etilishi natijasida, yanvar oyida aholinikidan biroz yuqori darajada qayd etilib, 704 ga teng bo‘ldi.
Joriy yilning II choragida ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiyotdagi yuqori narxlarga moslashishi kuzatildi.
Xususan, iyun oyiga kelib yuridik shaxslar javoblarining balanslashgan indeksi yil boshiga nisbatan qariyb 2 barobarga pasayib, iyun oyida 388 ga teng bo‘ldi va bu avvalgi oyda narxlar o‘zgarmagan degan xulosani beradi.
Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan oxirgi 12 oy davomida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 26 foizdan yuqori darajada bo‘ldi deb hisoblaganlar ulushi yanvar oyida 44 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib ularning ulushi 18 foizga tushdi. O‘z navbatida, narxlarning o‘sishi o‘rtacha 16 foizdan past darajada bo‘ldi degan qismi yanvar oyida 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun holatiga 56 foizni qayd etdi.
Bu o‘z navbatida tadbirkorlik sub'yektlari uchun iqtisodiyotda yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bosqichma bosqich pasayish tendensiyasi shakllanib borayotganligini anglatadi.
So‘rovda yuridik shaxslardan ishlab chiqarayotgan mahsulot va ko‘rsatayotgan xizmatlarini tannarxi oshishiga qaysi omillar yuqori darajada ta'sir ko‘rsatgani so‘ralganda I chorakda asosan benzin, tabiiy gaz, xom ashyolar narxlari oshishi va o‘tgan yilgi dollar almashuvi kursi o‘zgarishini qayd etgan bo‘lsalar, II chorakda asosan elektr energiyasi, xom ashyolar, tabiiy gaz narxlari va transport xarajatlari oshganini bildirib, almashuv kursi ta'sirining keskin pasayganligini qayd etdilar.
Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan ekspertlarning 73 foizi oxirgi oyda narxlar mo‘tadil bo‘lganligini bildirishganligiga qaramasdan, ularning 91 foizi yillik sezilgan inflyatsiya darajasi 17 foizdan yuqori bo‘lganligini e'tirof etishdi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining kelgusidagi inflyatsion kutilmalari indekslari dinamikasida ham pasayish tendensiyasi kuzatildi.
Qayd etish joizki, joriy yilning yanvar va fevral oylarida aholi va yuridik shaxslarning inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori bo‘lib, mart-iyun oylarida bosqichma bosqich pasayib bordi.
Xususan, yil boshida aholi va yuridik shaxslarning qisqa muddatli inflyatsion kutilmalar indeksi mos ravishda 594 va 566 ga teng bo‘lgan bo‘lsa, iyun oyi holatiga 386 va 363 ni tashkil etdi.
Ushbu holat, joriy yilning II choragiga kelib, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining qisqa muddatli inflyatsion kutilmalari ijobiylashganini ko‘rsatib, ularning aksariyati narxlar barqaror saqlanib qolishini kutganligini anglatadi.
Biroq, qisqa muddatli inflyatsion kutilmalar pasayib borishiga qaramasdan, kelgusi 12 oylik kutilmalar nisbatan yuqori darajada saqlanib qolgan. Bu borada aholining kutilmalari tadbirkorlik sub'yektlarinikidan ko‘ra sezilarli darajada yuqori.
Jismoniy shaxslarning kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari indeksi joriy yil birinchi yarim yilligida faqatgina mart va aprelda oyma-oy 10 va 9 foizga pasaygan bo‘lsa, keyingi oylarda deyarli o‘zgarishsiz saqlanib qoldi.
“Kelgusi 12 oy davomida narxlar aynan qanchaga oshadi” savoliga aholining 26 foizdan yuqori darajada oshadi degan qismi yanvar oyida 27 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, iyun holatiga ularning ulushi 14 foizga teng bo‘ldi. Narxlarning o‘sishi o‘rtacha 16 foizdan past darajada bo‘ladi degan qismi yanvar oyida 43 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib 55 foizga teng bo‘ldi.
Ushbu savolga yuridik shaxslarning kelgusi 12 oyda narxlar 26 foizdan yuqori darajada oshadi degan qismi yanvarda 22 foizdan iyunga kelib 9 foizgacha pasaydi. Narxlar 16 foizdan kamroq oshishini kutayotganlar ulushi esa yanvar oyida 49 foizdan iyunda 72 foizgacha ko‘paydi. Bu o‘z navbatida, yuridik shaxslarning uzoq muddatli inflyatsion kutilmalari jismoniy shaxslarnikidan pastroqligini anglatadi.
Shu bilan birga, qisqa muddatli kutilmalar bo‘yicha ekspertlarning fikri ham aholi va tadbirkorlik sub'yektlarinikiga mos bo‘ldi. Ammo uzoq muddatli kutilmalar bo‘yicha ekspertlarning katta qismi narxlar oshish sur'ati o‘tgan 12 oy darajasida yoki undan ham yuqori bo‘lishini qayd etdilar.
Ekspertlar kelgusidagi inflyatsiyani oshishiga ta'sir etuvchi asosiy sabablar sifatida imtiyozli kreditlar hajmining tez sur'atda oshishi va ularning qaytarilishi bo‘yicha muammolar yuzaga kelishi ehtimoli yuqoriligi, kuz faslida davlat tomonidan ma'muriy tartibga solinadigan tovar va xizmatlar narxlari oshirilishi kutilayotganligi, qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning nisbatan sekinligi hamda tovar bozorlarida monopoliya darajasi yuqoriligi kabi omillarni keltirgan.
Aholining xarid qobiliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra 2018 yilning birinchi yarmida ularning daromadlari va narxlar o‘rtasidagi mutanosiblikda jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. O‘rganilayotgan davr mobaynida respondentlarning aksariyati (65 foiz atrofi) avvalgi 12 oy davomida narxlar oshishi sur'ati daromadlarnikiga nisbatan yuqori darajada bo‘lganini qayd etdi.
Mazkur davrda so‘rov ishtirokchilarining kelgusi 12 oyda mamlakat iqtisodiyoti o‘zgarishi bo‘yicha fikrlari ijobiy tomonga o‘zgarib bordi.
Xususan, yil boshida respondentlarning 72 foizi kelgusi 12 oyda iqtisodiyot yaxshilanishini kutgan bo‘lsa, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ularning ulushi 86 foizga teng bo‘ldi.
Shuningdek, ekspertlarning aksariyati ham mamlakat iqtisodiyotini kelgusi 12 oy davomida yaxshilanishini kutayotganliklarini bildirishdi.