Ektor Kuperning terma jamoamiz uchun optimal variant ekaniga 4 sabab

Sport 11:00 / 24.07.2018 24399

Hali rasmiy xabar chiqmadi, lekin eshitishimcha, terma jamoamiz bosh murabbiyligiga argentinalik mutaxassis Ektor Kuperning tayinlanishi to‘qson to‘qqiz foiz aniq ekan.  

Avvalo, aytish kerakki, murabbiy haqida oldindan aniq xulosa berish qiyin. Futbolda murabbiylarning natijalari paradokslarga to‘la - Skolari jahon chempioni bo‘ladi, lekin «Bunyodkor»da Qosimov ishini takrorlay olmaydi. Di Matteo uch oyda chempionlar Ligasini yutadi, lekin shu bilan yo‘qolib ketadi. Lyov yoki Lippi bir jamoa bilan goh g‘olib, goh sharmanda bo‘ladilar.

Leo Messi besh futbolchini aldab o‘tsa-yu, aniq zarba bera olmasa, u Messiligicha qoladi. Ammo o‘sha zarba golga aylanmagani uchun murabbiy iste'foga chiqarilishi mumkin. Ya'ni, hammasi biz o‘ylagandek oson emas, biz bilgan futbolchilar, maydon va o‘yindan tashqari, pardaning orti, juda ko‘p omillar bor. Bir jamoa, bir vazifa uchun juda mos tushgan murabbiy, ertaga boshqa vazifa va jamoa bilan sharmanda bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Ektor Kuper bilan terma jamoamizda qanday natija ko‘rsatishini aytish mushkul, bu haqida aniq baho berishga erta. Ammo ba'zi faktorlar borki, yangi murabbiy terma jamoamizda ijobiy o‘zgarish qila olishiga ishongimiz keladi.

CheT ELLIK          

Kim bo‘lishidan qat'i nazar, terma jamoamiz bosh murabbiyligiga chet ellik mutaxassis tayinlanishini kutib yurgandik. Chet el bo‘lgandayam, sobiq ittifoq emas, uzoqroqdan, umuman boshqa mentalitetga ega bo‘lgan, muhimi, zamonaviy futbol standartlarida "qovurilgan" murabbiy sifatida Kuper ayni muddaodir.

Birinchidan, unday murabbiy shartnoma tuzdimi, qandaydir o‘z talablari bilan keladi va u xohlaydigan eng minimum sharoit ham mahalliy murabbiylarnikidan yuqori bo‘ladi. Tabiiyki, katta summadagi shartnomaga imzo chekkan O‘FA ham "savob ishni oxirigacha qilishga" urinadi va terma jamoa aurasi, ishlash tamoyillari va yaratiladigan sharoitlar o‘sishi turgan gap.

Ikkinchidan, u hali o‘zbek futbolini bilmaydi. Avlodlar almashinuvi ro‘y berishi kerak bo‘lgan ayni vaziyatda bu muhimdir. Ba'zi nomlarga nisbatan ichki bosimning bo‘lmasligi, biror klub yoki shaxsga nisbatan yon bosilmasligi uchun ham chet ellik mustaqil murabbiy kerak edi. Terma jamoa ostonasidagi xolislik klublarda to‘p surayotgan yosh futbolchilarga ham umid berishi, o‘z o‘zidan milliy chempionatimizni ham jonlantirib yuborishi mumkin.

Uchinchidan, ma'lum bir sikl tugaganda, biz aslida natijaning qoniqarli bo‘lgani, maqsadga sal qolgani haqidagi gaplardan ko‘ra, real muammolar va sabablar haqida ham gaplashish imkoniga ega bo‘lamiz. Chunki, chet ellik murabbiy istalgan paytda sharoitlar va muammolar haqida ochiq ayta oladi. Bundan tashqari, matbuotda ham abramovchi, qosimovchi yoki babayanchiga aylanish, "ko‘z ko‘zga tushadi" deb tanqid qilish yoki savol berishdan qochish holatlari ham bo‘lmaydi.

ARGeNTINALIK

Dunyo bo‘ylab juda ko‘p argentinalik murabbiylarning tarqab ketganini e'tiborga olsak, bemalol ular haqida umumiy xulosalar berish, argentinalik murabbiylarning o‘ziga xos maktabi haqida fikr bildirish mumkin.

Masalan, niderlandiyalik murabbiylar qayerda ishlashmasin, o‘z uslubini qurishga harakat qiladilar. Italiyalik murabbiylar ishlagan jamoalarda esa italyancha futbolining hidi kelib turadi. Argentinalik mutaxassislarni  bir so‘z bilan moslashuvchan deyish mumkin.

Cheklangan imkoniyatlar bilan ham kurashuvchan va raqobatbardosh bo‘lishga erishgan, o‘z bo‘yidan yuqori sakray olgan loyihalarga qarasangiz, juda ko‘p argentinalik murabbiylarni ko‘rasiz. Simeone Italiyada, Pochettino Angliyada o‘zidan sezilarli kattaroq imkoniyatlarga ega bo‘lgan raqiblarning bo‘lishiga qaramasdan kuchli jamoa tuzdilar. Qizig‘i, bu jamoalarni usluban o‘xshatib bo‘lmaydi, lekin aynan o‘sha mamlakat futboli va ligasiga mos bo‘lgan va aynan o‘sha futbol g‘oyalaridan uzoqlashmagan holda jamoa qura oldilar.

Shuningdek, Bilbaoda ishlab, yevrokubok finaligacha borgan Marselo Belsani aytish mumkin, Chilini qatorasiga ikki marta chempionga aylantirgan Sampaoli, Paragvay bilan JCh-2010 da yaxshi taassurot qoldirgan Martino... Yoki Pekerman. Bu murabbiylar bir-biridan farqli, qizig‘i Martinoning "Barselona"da, Sampaolini Argentinada muvaffaqiyatsizligini ham ko‘rdik. Ammo aynan kuchsizroq va mehnatkash jamoa bilan yuqoriroq vazifalarni uddalash borasida bu murabbiylarda umumiylik borligini ko‘rish mumkin.

Ektor Kuper mana shunday tendensiyani boshlab bergan murabbiylardan biridir. Osiyoda peshqadam bo‘lmagan va resurslar (milliy chempionat, iqtidorli futbolchilar) borasida o‘rtamiyonaga yaqinroq bo‘lgan O‘zbekiston bir bosh baland sakrash uchun aynan argentinalik murabbiyga murojaat qilgani to‘g‘ri yo‘ldek ko‘rinmoqda.

MUVAFFAQIYaTLI

Haqiqatan ham, Kuperning ba'zi jamoalarda erishgan natijalariga faqat xavas qilish mumkin. Kuper 1999 yilda  Ispaniyadagi kamtargina "Malorka" bilan yevrokubok yutishiga sal qolgan. 2000 va 2001 yillarda esa, endi Yevropada kamtar bo‘lgan "Valensiya"ni ikki marta Chempionlar ligasi finaliga olib chiqish hazil emas.

Aslida bu voqealarga ancha bo‘ldi. Kuperning keyingi faoliyatiga nazar tashlab turib, ko‘p jamoalarda bir yildan ko‘p ishlamagan, aytarli yutuqlarni qo‘lga kirita olmagan murabbiyning davri o‘tganini ta'kidlash mumkin bo‘lardi balki. Ammo uning so‘nggi ish joyi - Misr terma jamoasi va u yerda ko‘rsatilgan natija ham Ektor Kuperning hali ham "formada" ekanini ko‘rsatadi.

Misr Rossiyada birorta ham ochko ololmadi, lekin, birinchidan, salkam o‘ttiz yillik tanaffusdan so‘ng, terma jamoani aynan u Jahon chempionatiga olib chiqdi. Ikkinchidan, Rossiya bilan o‘yin guruhdagi vaziyatni hal qilib bo‘lgandi, so‘nggi turdagi Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatga katta ahamiyat bermagan bo‘lardim.

Qarshimizda, shu paytgacha O‘zbekiston terma jamoasida ishlagan murabbiylar ichida eng nomdor, eng muvaffaqiyatli murabbiy turibdi, buni inkor qilish qiyin.

TAJRIBALI

U 63 yoshda. Bizning holatimizda bu fazilat.

Ba'zilar ambitsiyasi yuqoriroq bo‘lgan yosh murabbiylarni olib kelish maqsadga muvofiq ekanini aytdi, masalan Bilich, Dalich kabi murabbiylarning ham ismlari tilga olindi. To‘g‘ri, yosh murabbiylarning koordinator sifatida juda yaxshi natijalarga erishganliklari haqida misollar ko‘p. Lekin bilasizmi, yosh murabbiyning natija ko‘rsatishi uchun uning atrofidagi sharoit ham shunga mos bo‘lishi, muhimi, berilgan vazifa uning oldingi ishlaridan ko‘p farq qilmasligi kerak.

Masalan, Yevropa futbolidan biroz farqli shartlar amal qiladigan Rossiyada Emeri, Laudrup, Boash, Bilich kabi juda ko‘p yosh murabbiylar faoliyat yuritib, uzoq ishlay olishmagani, aksincha, Spaletti, Advokat, Xiddink yoshi katta kabi murabbiylar oz-ko‘p natija ko‘rsata olganliklarini aytish mumkin.

Tajribali, futbolda turli vazifalarni bajargan, turli vaziyatlarga tushgan murabbiylar O‘zbekistondagi ilk oylarda dovdirab qolmasligi, o‘zi uchun mos sharoitni asta sekinlik bilan yaratib olishiga ishonish osonroq.

Yosh murabbiylar baribir biror uslub va g‘oyalardan chiqib keta olmaydilar, aynan o‘sha yo‘nalishga bog‘liq bo‘ladilar. Agar ixtiyoridagi jamoa o‘sha g‘oyasiga mos kelsa, muvaffaqiyat qozoniladi, agar mos kelmasa, muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi. Tajribali murabbiy esa, ixtiyoridagi tarkibdan va nomzodlardan kelib chiqib o‘z yo‘nalishini belgilay oladi.

Bilishimcha, Kuper O‘zbekistonga uch nafar yordamchisi bilan keladi va bu uch mutaxassis turli yoshdagi terma jamoalarimizga javob beradilar. Shartnoma esa to‘rt yilga tuziladi. Tor doirada, qo‘l ostidagi ma'lum futbolchi bilan ma'lum natijaga erishish emas, imkon qadar kengroq miqyosda ishlash, terma jamoa kelajagiga ta'sir o‘tkazish, o‘z qarorlari bilan nafaqat terma jamoalar, balki klublar, ichki chempionatimizga ham ta'sir ko‘rsatish uchun katta tajriba zarur.

va MINUS?

Kuperning "Malorka", "Valensiya" va "Inter"dagi, qisman Misrdagi jamoasiga qarab baho berish mumkin. Kuper o‘z jamoalarida asosan himoyaga urg‘u beradi, lekin italiyalik murabbiylardan farqli ravishda unda doim harakatchan yarimhimoya va qanot himoyachilari bo‘ladi. Ya'ni faqat vaziyat yaratilganda emas, doimiy tarzda raqibga xavf solib turish Kuperning "imzo"sidir.

Bu nuqtayi nazardan, tarkibda juda tezkor va jismoniy jihatdan yuqori bo‘lgan ijrochilarga extiyoj seziladi, busiz umuman iloji yo‘q. Futbolimizda aynan tezkorlik va jismoniy tayyorgarlik sal oqsashini inobatga olsak, Kuperga yoki uning talablarini bajarish futbolchilarimizga qiyin bo‘lishi mumkin. Axir terma jamoa klub emas, futbolchilarning jismoniy ko‘rsatkichlarini bir maromda ushlab turish imkonsiz. (Normativ, qaydasan?)

XULOSA

Terma jamoamiz bir yildan beri deyarli egasiz edi. Undan oldingi ikki yilda O‘zbekiston qog‘ozda ma'lum natijaga erishgan bo‘lsa-da, o‘yin sifati nuqtayi nazaridan juda past darajani namoyish qilgan edi. Bu albatta, shaxsiy fikrim.

Shunday ekan, menimcha, bugungi terma jamoamiz darajasida yanada pasayish, yanada kuchsizlanish mumkin emasdek. Demak har qanday turtki, agar bu turtki, tajribali va aqlli murabbiy tomonidan amalga oshirilsa, ijobiy ta'sir etishi va samarali bo‘lishi aniqdek.

Faqat "ijobiy o‘zgarish" tushunchasini sal to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Besh yil oldin JCh uchun 2 gol yetmay qolgandi. O‘tgan yili 1 gol yetmay qoldi. Xuddiki, bundan keyin o‘sish faqat JChga chiqish bo‘ladigandek. Yo‘q, gap faqat o‘sha so‘nggi turdagi imkoniyatdagina emas, terma jamoamizning o‘z holicha kuchli bo‘lishi, tomoshabop va hujumkor o‘ynashi, yangi yosh futbolchilarning porlashi va eng muhimi o‘zbekistonliklarga quvonch ulashishida. Agar mana shu yo‘nalishda o‘zgarish bo‘lsa, hech qanday hisob-kitob, tushuntirish shart emas, muxlislar buni darrov payqashadi.

DARVOQe...

Ha, aytgancha, Ektor Kuper o‘z faoliyati davomida sakkizta finalni boy bergan ekan. Superkuboklarni qo‘shmasa, birorta ham haqiqiy sovrin yuta olmagan. Mana shu faktdan kelib chiqib, uni omadsiz ekani, terma jamoamizga mos emasligini aytayotganlar bor.

Lekin, Kuperning o‘sha finallarga "Barselona" yoki "Bavariya" bilan emas, "Malorka-yu" "Valensiya"lar bilan chiqqanini e'tiborga olsak, qani edi hamma ham uning kabi omadsiz bo‘lsa, deging keladi.

Bundan tashqari, terma jamoamizni kutib turgan Osiyo kubogi va Jahon chempionati saralash o‘yinlarini nazarda tutsak, o‘sha "ikkinchilik tamg‘asi" har ikki musobaqada ham bizga tariximizdagi eng yaxshi natijani qayd etishimizga kifoya qilar ekan...

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: