O‘zil Erdo‘g‘an bilan surati tufayli o‘zini tanqidlarga ko‘mgan muxlislarga murojaat qildi

Sport 19:00 / 22.07.2018 26332

«Arsenal» jamoasining germaniyalik futbolchisi Mesut O‘zil JCh-2018 arafasida Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an bilan birga tushgan surati bo‘yicha fikr bildirdi.

29 yoshli futbolchi o‘shanda turkiyalik siyosatchi bilan tushilgan surat tufayli nemis jamoatchiligi tomonidan qattiq tanqidga uchragandi.

«Keyingi kunlarda menda yaqin vaqtlar ichidagi voqealar bo‘yicha o‘ylab olish uchun fursat bo‘ldi. Men o‘z boshimdan o‘tkazganlarimni sizlarga aytib bermoqchiman.

Ko‘pchilik bilan bo‘lgani singari, mening kelib chiqishim birgina mamlakat chegaralaridan tashqarida. Men Germaniyada o‘sdim, ammo mening oilam kelib chiqishiga ko‘ra turk. Menda ikki yurak bor – nemis yuragi va turk yuragi.

Bolaligimda onam meni ona vatanimni unutmaslikka va uning qadriyatlarini hurmat qilishga o‘rgatgan.

May oyida men Londonda prezident Erdo‘g‘an bilan xayriya tadbirlari doirasida uchrashdim. Biz ilk marta 2010 yili Berlinda, u va Angela Merkel Germaniya – Turkiya uchrashuvini birgalikda tomosha qilishganida uchrashgandik.

Men bizning oxirgi fotosuratimiz nemis matbuotida katta rezonans keltirib chiqarganini bilaman, ko‘pchilik odamlar meni yolg‘onchilikda ayblashlari mumkin, ammo men yana bir bor aytamanki, bu harakatda hech qanday siyosiy maqsad yo‘q edi.

Yuqorida aytganimdek, onam meni kelib chiqishimni, oilaviy an'analarni hech qachon unutmaslikka o‘rgatgan.

Men uchun prezident Erdo‘g‘an bilan birga suratga tushish – siyosatdan va saylovlardan xoli, bu shunchaki mening oilam mansub bo‘lgan mamlakat rahbariga bildirilgan hurmatdir. Men futbolchiman, siyosatchi emas. Bizning uchrashuvimiz siyosatga aloqador emas. Qolaversa, Erdo‘g‘an ham futbolga aloqador shaxs, u yoshligida futbolchi bo‘lgan.

Nemis nashrlari yo‘q joydan muammo hosil qilishdi. Men Turkiya prezidenti bilan uchrashishim taqiqlanmagan. Men uchun kim prezidentligi emas, kimdir prezidentligi ahamiyatlidir. Men biron bir mamlakat rahbarini hurmat qilishim oddiy hol. Ishonamanki, Erdo‘g‘anni Londonda qabul qilgan Angliya qirolichasi hamda mamlakat bosh vaziri Tereza Mey ham mening fikrimga qo‘shilishadi. Germaniya prezidentiga ham, Turkiya prezidentiga ham bir xilda munosabatda bo‘laman», – deya qayd etgan O‘zil.

Ko‘proq yangiliklar: