Ukrainalik Usik Moskvada rossiyalik Gassiyevni yengib, mutlaq jahon chempioniga aylandi

Sport 11:10 / 22.07.2018 14115

Ukrainalik bokschi Aleksandr Usik Butunjahon boks superseriyasining (WBSS) birinchi finalida rossiyalik Murat Gassiyevga qarshi jangga chiqib, hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozondi. U endi 90,7 kg gacha vazn toifasida Butunjahon boks kengashi (WBC), Butunjahon boks tashkilotining (WBO), Butunjahon bokschilar assotsiatsiyasi (WBA) va Xalqaro bokschilar federatsiyasi (IBF) kamarlarini o‘zida birlashtirdi.

12 raundlik jang Moskvadagi «Olimpiyskiy» sport majmuasida bo‘lib o‘tdi. Barcha uch hakam 31 yoshli ukrainalik g‘alabasini tan oldi: 120:108, 119:109, 119:109.

Gassiyev finalga qadar yo‘lda barcha raqiblarini osonlik bilan mag‘lub etgandi: chorak finalda polshalik Kshishtof Vlodarchik, yarim finalda kubalik Yuniyer Dortikos nokautga uchratilgandi. 2012 yilgi London Olimpiadasi chempioni bo‘lmish Usik esa avvaldan turnir favoriti hisoblanayotgandi. 

Usik endilikda professional ringda 15-g‘alabasini nishonladi (11tasi nokaut bilan). U faoliyatida hali biron marta mag‘lub bo‘lmagan. Gassiyev o‘z faoliyatida ilk marta mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi. U shu vaqtgacha 26 jangda g‘alaba qozongan, shundan 19 jangni nokaut bilan yakunlagandi.

Bungacha faqat 3 bokschi asosiy 4 kamarni birlashtira olgandi - amerikalik Bernard Hopkins, Jyermeyn Teylor (ikkisi ham o‘rta vaznda) va Terens Krouford (yarim o‘rta vazn).

© Valeriy Sharifulin/TASS
© Valeriy Sharifulin/TASS

 

Ko‘proq yangiliklar: