Rektorlar poraxo‘rlikka qarshi! O‘zbekiston tarixida ilk bor oliy ta'lim muassasalari rahbarlari murojaatnoma yo‘lladi

O‘zbekiston 10:00 / 22.07.2018 56678

O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari rektorlari abituriyentlar va ularning ota-onalariga murojaat yo‘lladi. Murojaat matni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Rektorlar murojaatda ta'lim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, unga ilg‘or innovatsion g‘oyalarni olib kirish, yoshlarning iste'dodlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish hamda poraxo‘rlik va tamagirlikning oldini olishga va'da berishgan.

«Har ishda halol va vijdonan yo‘l tutish, oliy ta'lim muassasalarini haqiqiy ma'nodagi ma'rifat va halollik maskaniga aylantirish, shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarini shaffof, adolatli va halol o‘tkazishga va'da beramiz. Bugun o‘zingiz uchun kasb tanlab, o‘qishga kirishga ahd qildingizmi, o‘z bilimingizga, aql-zakovatingizga va sizlarga shu sharoitlarni yaratib bergan Prezident ishonchiga munosib bo‘ling va munosib ish qiling. Kirish imtihonlariga, test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rib, bu imtihonlardan o‘z bilimingiz bilan o‘tishga bel bog‘lang», - deyiladi jumladan murojaatda.

Shuningdek, murojaatda «Korrupsiya to‘g‘risida»gi Qonunning tegishli bandlariga ko‘ra pora bergan ham, pora olgan ham qonun oldida teng javobgar sanalishi va muqarrar jazoga tortilishi eslatib o‘tiladi.

«Farzandingizga yordam beraman desangiz, noo‘rin va pinhona xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymang! Bu yo‘ldagi nojo‘ya qadam bilingki, kun o‘tib bir kun bolangiz kelajagi uchun qattiq zarba bo‘lishi mumkin. Bir haqiqatni unutmang! Pora bilan o‘qishga kirgan inson, butun hayoti davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi. U o‘qituvchimi yoki shifokor, mas'ul mutasaddimi yoki oddiy ishchi qat'i nazar oldiga kelgan har bir insonga «tovar» sifatida qaraydi va undan doimo tama qiladi. Tama bilan sug‘oriladigan qalbda esa yaxshilik urug‘i unmaydi. Tama va pora zanjirini qabul jarayonlaridayoq uzaylik! Toki u boshqa nish urmasin! Farzandlarimiz qo‘lida zanjir bo‘lib, ularni panjara ortiga boshlamasin!», deyiladi ota-onalarga qarata.

Ko‘proq yangiliklar: