Los-Anjyelesdagi supermarketda 50 nafarga yaqin kishi garovga olindi

Jahon 11:40 / 22.07.2018 7936

Amerikaning Los-Anjyeles shahrida politsiya ta'qibidagi jinoyatchi Trader Joeʼs supermarketlar tarmog‘i do‘konlaridan birida mijozlarni garovga oldi. Garovdagilardan biri — do‘kon xodimasi — halok bo‘lgan. Bu haqda matbuot anjumanida shahar meri Erik Garsetti ma'lum qilgan.

Hujum vaqtida supermarketda bo‘lgan 6 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ularning hayotiga jiddiy xavf yo‘q.

Supermarketga qurolli jinoyatchi politsiya ta'qibidan qochaturib kirib qolgan. U avtomobilini Trader Joeʼs binosi yaqinida urib olgandi.

Politsiya uni o‘z buvisi va yana bir ayolni o‘qotar quroldan jarohatlaganidan keyin quvayotgandi.

U supermarketga bostirib kirganida ichkarida xodimlar va mijozlardan iborat 50 nafarga yaqin kishi bor edi. Ularning ayrimlari oyna orqali chiqib qochgan, ayrimlari do‘konning turli nuqtalariga yashiringan.

Politsiya bilan 3 soat davom etgan muzokaralardan keyin jinoyatchi taslim bo‘lgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra otishma vaqtida uning qo‘li jarohatlangan.

Hozircha hodisaning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan, jinoyatchi 28 yoshda ekani ma'lum.

Ko‘proq yangiliklar: