Isroil AQSh iltimosi bilan Suriyadagi yuzlab «Oq kaskalilar»ni evakuatsiya qildi

Jahon 13:10 / 22.07.2018 8508

Isroil armiyasi askarlari Suriyaning isyonchilar nazoratida bo‘lgan hududida faoliyat yuritayotgan «Oq kaskalilar» qutqaruv tashkilotining 800 nafar a'zosi va ularning oila a'zolarini dastlab Isroil, keyin esa qo‘shni Iordaniya hududiga evakuatsiya qildi. Bu haqda Isroil armiyasi radiosining axborotiga tayanib Europe 1 radiosi xabar bermoqda.

Suriya armiyasi hujumi xavfi ostida qolgan tashkilot a'zolari AQSh va bir qator Yevropa davlatlari iltimosiga ko‘ra xavfli hududdan olib chiqib ketilgan.

Iordaniya o‘z navbatida, ushbu suriyaliklar Kanada, Buyuk Britaniya va Germaniyaga jo‘natilishini ma'lum qilgan. Iordaniya tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, «Oq kaskalilar»ning hayotiga xavf paydo bo‘lishi tahdidi ostida mamlakat ularni insoniylik nuqtai nazaridan qabul qilgan va ular aytilgan 3 davlatga jo‘natib yuboriladi.

«Oq kaskalilar» Suriya hukumati kuchlari hamda rus aviatsiyasi hujumi natijasida vayron bo‘lgan binolar ostida qolib ketgan fuqarolarga yordam berish va ularni qutqarish bilan shug‘ullangan. Suriya hukumati esa ularga qamoqqa olish bilan tahdid qilgan.

O‘z navbatida, Isroil ushbu harakati bilan Suriyadagi mojaroga aralashmaslik siyosati o‘zgarib qolmasligini va tashkilot a'zolariga faqatgina insoniylik jihatidan yordam berganini alohida ta'kidlagan. Shu bilan birga, Isroil Suriyadagi mojarolarga faqatgina Suriya hukumati javobgar deb hisoblashini ham ta'kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: