Xitoy rahbari Afrika bo‘ylab turne boshladi

Jahon 12:10 / 22.07.2018 9962

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping 21 iyul kuni rasmiy tashrif bilan Senegal poytaxti Dakar shahriga keldi. Bu haqda Le Monde nashri xabar bermoqda.

10 yildan buyon Senegalga ilk safarini amalga oshirayotgan Si Jinpingni Dakarda aeroportda mamlakat prezidenti Maki Sol hamda uning rafiqasi kutib olgan.

21 iyul kuni tunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida Senegal prezidenti Sol Xitoy rahbari bilan «ikki tomonlama hamkorlik, Xitoy-Afrika aloqalari va xalqaro voqealar» yuzasidan fikr almashganini ma'lum qildi. O‘z navbatida Xitoy rahbari ham «Xitoy-Afrika aloqalarining yorqin kelajagiga ishonishi»ni aytib o‘tdi.

Ikki davlat rahbari sud tizimi, iqtisodiy va texnik hamkorlik, fuqaro aviatsiyasi va inson kapitalini shakllantirish sohalarida 10dan ortiq shartnomalarni imzoladi.

Xitoy Senegalning Fransiyadan keyingi ikkinchi yirik iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2016 yilda 2 milliard dollarni tashkil qilgan. Shuningdek, Xitoy Senegal uchun Fransiyadan keyin ikkinchi importyor mamlakat hisoblanadi. Xitoydan import qilingan mahsulotlar hajmi 2013 yilda 346 million yevroni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2017 yilga kelib 559 million yevroga yetgan. O‘z navbatida, Senegal ham Xitoyga asosan kimyoviy minerallar eksport qiladi. 2017 yilda eksport hajmi 117 million yevroni tashkil qilgan.

Senegaldagi ko‘plab infrastrukturalar, jumladan stadionlar, avtomobil yo‘llari, bitta shifoxona, bitta Katta teatr, milliy kurash arenasi va qora tanli xalqlar sivilizatsiyasi muzeyi Xitoy tomonidan qurilgan.

Si Jinping 22 iyul kuni Senegaldagi tashrifini yakunlaydi. Uning navbatdagi manzili Ruanda hamda Janubiy Afrika Respublikasi bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: