Davlat xizmatlari agentligi: olti oy ichida 9800dan ortiq qonun buzilishlari bo‘lgani aniqlandi

O‘zbekiston 00:18 / 22.07.2018 7750

Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 9800dan ortiq qonun buzilishlari aniqlandi. Qonun buzilishlarining 5700dan ortig‘i hokimlik organlari, 770dan ortig‘i muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, 538 tasi qurilish va 47 tasi kadastr idoralari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 4 mingga yaqin ta'sir choralari qo‘llanilib, 183 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 30 nafar shaxs vazifasidan ozod etilgan, 155 nafar shaxs esa ma'muriy javobgarlikka tortilgan.
Hozirda O‘zbekistonda prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Davlat xizmatlari agentligi va 201 ta Davlat xizmatlari markazlari faoliyat olib bormoqda.

O‘tgan 2017 yil davomida markazlar orqali jami 120 ming xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2018 yilning aprel-iyun oylarining o‘zida 1 mln 35 ming xizmat aholiga taqdim etildi.

Shuningdek, o‘tgan yili markazlar orqali ko‘rsatiladigan xizmat turlari 32 tani tashkil etgan bo‘lib, hozirda xizmat turlari 100 taga yetkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: