Azarni «Real»ga qo‘yib yuborishmadi. «Chelsi» 190 million yevrolik taklifni rad etdi

Sport 13:50 / 22.07.2018 14214

«Chelsi» «Real» rahbariyatiga belgiyalik hujumchisi Eden Azarni 170 million funtga ham (190 million yevro) sotmasligini ma'lum qilgan. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.

Bundan avvalroq OAVda londonliklar klubi rahbariyati ushbu futbolchisini 190 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqalgandi.

Bu qaror jamoaning yangi bosh murabbiyi Maurisio Sarri Azarni jamoa yetakchisi sifatida ko‘rayotgani tufayli qabul qilingan. Futbolchining o‘zi biroz avvalroq yangi chaqiriqlarga tayyor ekanini aytib, «Real»ga o‘tmoqchiligiga ishora qilgandi.

«U - Yevropaning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Umid qilamanki, uning yanada rivojlanishiga yordam beraman, ammo bu qiyin ish. Axir u shundoq ham yuqori cho‘qqida», degan italiyalik mutaxassis.

Nashrning tasdiqlashicha, «Chelsi» ushbu futbolchisiga moliyaviy tomondan yaxshilangan yangi shartnoma taklif qilmoqchi. Uning yangi shartnoma bo‘yicha haftalik maoshi miqdori 300 ming funtga (335 ming yevro) yetishi mumkin.

Azar «Chelsi» safida 2012 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. U London klubi bilan ikki marta Angliya chempioni bo‘lgan, bir marta Yevropa Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Uning amaldagi shartnomasi muddati 2020 yilgacha tuzilgan. O‘tgan mavsumda belgiyalik futbolchi «Chelsi» uchun barcha turnirlar doirasida 51 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urgan va 13 golga uzatma bergan.

Ko‘proq yangiliklar: