O‘zbekistonda yilning eng g‘ayritabiiy qarorlaridan biri qabul qilindi

O‘zbekiston 13:22 / 21.07.2018 214915

2017 yil 22 dekabr kuni Prezident mamlakat tarixida ilk bor parlamentga Murojaatnoma yo‘lladi. Juda ko‘p asoslarga ko‘ra bu tarixiy kun bo‘ldi. Zero, parlamentga murojaat mazmun-mohiyatiga ko‘ra xalqqa murojaatdir.

Birinchi voqea

Shu kuni Prezident qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus “maydon”lar yaratish zarurligini ta'kidladi. Prezidentning 2018 yil 22 yanvardagi Qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 34-bandiga muvofiq “Mening fikrim” maxsus veb-portali ochildi. Shu orqali Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat yo‘llash tartibi joriy etildi.

“Mening fikrim” veb-portali fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish, deb nomlanadigan Konstitutsiyaviy huquqini kafolatlovchi muhim institutlardan biriga aylanishi kutilayotgandi.

Mazkur veb-portal orqali Siz bilan biz davlat va jamiyat ahamiyatiga molik muhim masalalar yuzasidan qonunchilikka takliflarimizni elektron jamoaviy murojaat shaklida yuborishimiz mumkin bo‘ldi.

Jamoatchilik ichida tug‘ilgan tashabbusning respublika miqyosiga chiqishi osonlashganini o‘ylab, ko‘pchilik xursand bo‘ldi. Shunday yurtdoshlarimizdan birining yengil avtomobillarning oynalarini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi taklifi portalga (2018 yil 30 aprel) joylashtirildi. 3 ta asos ko‘rsatildi.

1. O‘zbekiston issiq o‘lka.

2. Avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan bolalarga juda issiq, nafas olish qiyin, ularni quyosh urishi ham mumkin.

3. Parda tutish (orqa yon oynalarga) taqiqlangan.

Minglab yurtdoshlarimiz ana shu jihatlarni hisobga olib, bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Ya'ni, ko‘pchilik ovoz berayotganlar mashinasining oynasini qoraytirib olib, oliftagarchilik qilish haqida emas, farzandi, yaqinlari, siz bilan bizning jigarbandlarimizni ham o‘ylab munosabat bildirdi. Balki shuning uchun tashabbus tez orada 10 ming ovoz to‘pladi va rasman petitsiya maqomini oldi.

Shundan so‘ng ushbu petitsiya ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan takliflar qatoriga o‘tkazildi. Hamma kuta boshladi. Azbaroyi jaziramadan qiynalib ketganlar mashinasining orqa yon oynalarini yaxshilab artib, tozalashga ham tushdi...

Ikkinchi voqea

Kutilmaganda... joriy yil 28 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga transport vositalarining oynalarini qoraytirish tartibi to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Birdaniga hamma o‘zini “guv” etib ana shu portalga urdi. Nihoyat!.. Loyihaning izohlanishi bir qarashda juda umuminsoniy  ko‘rindi: transport vositalari haydovchilari, shuningdek, mamlakatimizga keluvchi sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida...

Lekin birinchi taassurot aldamchi bo‘lib chiqdi.

Oynalarni qoraytirish davlat yo‘l harakati xavfsizligi tuzilmalari tomonidan 1 yil muddatga beriladigan ruxsatnoma asosida, IIV qoshidagi innovatsion loyihalar va aholiga xizmat ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi, narxi jismoniy shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 90, yuridik shaxslar uchun 120, xorijiy davlatlarning yuridik shaxslari uchun esa 140 barobari miqdorida belgilanadi, degan so‘zlar ko‘pchilikning umidini puchga chiqargani, mayli, kapalagini ham uchirib yubordi. Hisob-kitob qobiliyatimiz ishga tushib ketdi. “Qulaylik yaratish maqsadida...”, bir yilga 16.5 million so‘m... Bu so‘zlar va raqamlar bir-biriga hech qovushmadi. Ayrimlar o‘yladi: bu qaror loyihasi biron xato tufayli “o‘tib” ketgandir... Axir O‘zbekistonda aholining aksariyat qismi yil davomida buncha mablag‘ni orttira olmaydi-ku!? Bu haqda internet saytlar bong urdi, gazetalar yozdi, televizorda ham gapirildi.

Internetni kavlashga tushib ketdik. Shu orada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mushkulimizni oson qildi. Bu masalani obdon tahlil qilib berdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, barcha transport vositalarining old, yon va orqa tomondagi oynalarining yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foiz bo‘lishi shartligi belgilangan. Bunday normaning qo‘llanilishi uchun jamoat tartibi va xavfsizlik nuqtai nazardan qandaydir asoslar bo‘lishi mumkin, lekin bu fuqarolarga qator noqulayliklar tug‘diradi. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Tusi o‘zgartirilgan oynalarga ega bo‘lgan transport vositalari ishtirokida sodir etilgan yo‘l transport hodisalari haqida ma'lumot bormi, oynaning tusi o‘zgartirilganligi haydovchiga qanday ta'sir o‘tkazadi? Bu borada, afsuski, asoslantirilgan javob va ma'lumot mavjud emas.

Qaror loyihasi avvalida ta'kidlanganidek, hujjat  avvalo transport vositalari haydovchilari va mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilmoqda. Ammo, shu o‘rinda ushbu to‘lov miqdori va muddatini belgilashdan ko‘zlangan maqsad, to‘lov qiymatini asoslovchi omillar, qo‘llanish ko‘lamining tavsifi va yana boshqa tabiiy savollar tug‘iladi. Shuningdek, yilda bir marotaba tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish uchun murojaat qilish – navbatdagi byurokratiya omillarining paydo bo‘lishiga olib kelmaydimi?

Ushbu masalani yanada kengroq tahlil qilish maqsadida xorijiy davlatlar tajribasi bilan tanishish mumkin. Qator rivojlangan davlatlar, xususan, orqa va yon orqa oynalari 100 foiz tusi o‘zgartirilgan transport vositalaridan foydalanishga Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada ruxsatnoma raqamiga va oyna tusi kim tomonidan o‘zgartirilganligi haqidagi ma'lumotni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish sharti bilan, Belgiya, Chexiya, Fransiya, Italiya, Polshada esa tusi o‘zgartirilgan oyna sertifikatlangan bo‘lishi sharti bilan bepul ruxsat etiladi. Bu holat yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi sabab va omillar sifatida umuman qaralmaydi. Aksincha, transport vositasiga kiradigan quyosh nurlaridan himoyalanish, orqadan kelayotgan transport vositasining chiroq nurlarini qaytarish sifatida qaraladi.

Pullik ruxsat berish tizimi mavjud bo‘lgan mamlakatlardan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida transport vositasi orqa va yon orqa oynalarini tusini o‘zgartirishga ruxsat olish uchun to‘lov bir yilga 200 AQSh dollariga teng miqdorda hamda Tojikiston Respublikasida bir yilga 310 AQSh dollariga teng miqdorda undirilishi belgilangan. Bu esa O‘zbekistonda taklif etilayotgan to‘lov miqdori bilan taqqoslaganda Qirg‘iziston Respublikasidan deyarli 10 baravarga, Tojikiston Respublikasidan qariyb 7 baravarga qimmat degani...”

Ortiqcha izohga hojat yo‘q. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasi qabul qilinmasa kerak, deb o‘ylay boshladik. Chunki portalning o‘zida ham fuqarolar tomonidan yuzlab keskin inkor etuvchi fikr-mulohazalar bildirilgan edi...

Yo‘q, 18 iyul kuni hukumat qarori e'lon qilindi. Unga ko‘ra, bir yilga eng kam ish haqining 90, 120 va 140 baravari, degan jumlalar o‘zgarmasdan qoldi. Ya'ni, aksariyat rahbarlarimiz ishlatishni juda yaxshi ko‘radigan “xalqaro tajriba va amaliyot” ham, katta qiziqish bilan kuzatib turgan mamlakatimiz jamoatchiligining fikri ham umuman hisobga olinmadi.

To‘g‘risi, bu holat byurokratik kayfiyat naqadar qaysar bo‘lishi va o‘zgarish uning uchun azob ekanini ko‘rsatib qo‘ygandek bo‘ldi. Aftidan, bu yerda “tonirovka” so‘zi qo‘rqinchli chiqqandek ko‘rinadi. “Nima, endi hammaning mashinasi tonirovka bo‘ladimi? Hamma oliftaga aylanarkan-da!”. “Yo‘q, bor-yo‘g‘i ikkita orqa yon oynani qoraytirsak, bo‘ldi, bolalar qiynalyapti!..”

Shuncha gaplarni erinmay aytib chiqishdan maqsad quyidagi savollarni berish edi:

1. “Mening fikrim” maxsus veb-portaliga 2018 yil 30 aprel kuni joylashtirilgan, yetarlicha ovoz to‘plagan petitsiyaning taqdiri nima bo‘ladi? O‘sha taklif hukumatga emas, parlamentga qaratilgan emasmidi?

(Qabul qilingan qaror bu savolga javob bo‘lolmaydi. O‘sha jamoaviy murojaat IIV ga emas, Oliy Majlisga yo‘llangan. Jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda, u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari (yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi) tomonidan ko‘rib chiqilishi rasman ma'lum qilingan).

2. Oliy Majlis o‘ziga yo‘llangan murojaatlarga davlatning boshqa tuzilmalari orqali javob beradimi? Shunday bo‘lgan taqdirda ham murojaatni o‘qib, ovoz bergan 10 ming nafardan ortiq faol fuqaroning hurmati uchun, hech bo‘lmasa, qisqagina rasmiy bayonot berilmaydimi?

3. Jamoaviy murojaatdagi asosiy maqsad va mavzu – mashinaning orqa o‘rindig‘idagi bolalarni jazirama ta'siridan, quyosh urishidan asrash masalasi ochiq qolib ketaveradimi? Mashinadagi bolalarga jazirama quyosh nuri zarar yetkazishi yoki zarar yetkazmasligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy xulosasi olinganmi? Parlament bu masalaga qanday munosabat bildiradi?

4. Dunyoda bor amaliyot nima uchun O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmasligi bo‘yicha qandaydir asosli tahlil olib borilganmi?

5. O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portaliga joylashtirilgan ma'muriy hujjatlar loyihalari bo‘yicha fuqarolar tomonidan berilayotgan takliflar, bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinmaydimi? Unda jamoatchilik muhokamalari nima uchun o‘tkaziladi? Takliflar nega qabul qilinmagani haqida hech qanday tushuntirish, izoh berilmaydimi?..

Manba: Telegram/Raisbuva_uz

Shu kabi savollarga yaqin vaqtlar ichida javob topilmasa, tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror yilning eng g‘ayritabiiy qarorlaridan biri bo‘lganini jamoatchilik fikri sifatida e'tirof etishni taklif etaman.

To‘lqin To‘raxonov,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: