Joriy yilda O‘zbekiston Afg‘onistonga 153 million dollarga teng miqdorda elektroenergiya yetkazib berishni rejalashtirmoqda, deb bayonot berdi «O‘zbekenergo» boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhrat Sheraliyev.
«O‘zbekenergo» mintaqaviy hamkorlik masalasi, shu jumladan ushbu jarayonda Afg‘oniston Respublikasining ishtirokiga katta e'tibor qaratmoqda. O‘zbekiston 2002 yildan buyon Afg‘onistonning shimoliy hududlariga (Kobul, Mozori-Sharif va Hayraton) elektroenergiya yetkazib kelmoqda. 2017 yil dekabr oyida esa Afg‘oniston tomoni bilan joriy yilda 2 mlrd kVt/s - 153 million dollar miqdordagi energiya yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolangan», – deydi Sheraliyev.
Afg‘on tomonidan energiyaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi inobatga olinib, O‘zbekiston quvvati 500 kV bo‘lgan «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishini boshlagan. Taxminan 250 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyasini qurib bitkazish deyarli 150 million dollarga baholanmoqda. Loyiha ishga tushishi bilan elektroenergiyani eksport qilish hajmi yiliga 8 mlrd kVt soatga oshishi mumkin.