Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish qanday holatlarda rad qilinadi?

O‘zbekiston 12:25 / 21.07.2018 9178

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish va notarial organlari sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlanishi belgilangan:

Tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti;

Idoraviy notarial arxivlar tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti.

Belgilanishicha, ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qiladilar.

Tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, reglament talablari quyidagi hollarda:

nikohda bo‘lmagan onadan (yolg‘iz ona) tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etishda;

nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishi ularning birgalikdagi arizasi (otalikni belgilash) asosida tug‘ilishini qayd etishda;

topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilishini qayd etishda;

tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolalarning tug‘ilishini qayd etishda;

o‘lik tug‘ilgan bolaning tug‘ilganligini, hayotining birinchi haftasida o‘lgan (perinatal o‘lim) bolalarning tug‘ilganligini, shuningdek egizaklardan biri o‘lik tug‘ilganda yoki hayotining birinchi haftasida (perinatal o‘lim)vafot etganda tirik egizakning tug‘ilganligini qayd etishda;

sudning hal qiluv qaroriga asosan bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganlik faktini qayd etishda tatbiq etilmaydi.

Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali tuman (shahar) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo bo‘limlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi davlat xizmatini olish uchun bola tug‘ilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelgan holda murojaat etadi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradi.

So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnoma;

ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar;

nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma (ma'lumotnoma).

Bola tug‘ilgan kundan boshlab bir oy muddat o‘tkazib yuborilganda - tug‘ilish faktini tasdiqlovchi hujjatga qo‘shimcha ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa hujjatlar ham taqdim qilinadi.

Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan alohida hollarda ota yoki ona haqida ma'lumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari asosida ko‘rsatiladi.

Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.

Bola tug‘ilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki otasining o‘limi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda tug‘ilgan va uning tug‘ilganligi konsullik muassasasi tomonidan qayd etilmagan taqdirda belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan xorijiy davlatning vakolatli organlari tomonidan berilgan bola tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi.

So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilganligi uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida gerb yig‘imi undiriladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlash axborot kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

To‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;

qolgan mablag‘lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.

Ariza beruvchida so‘rovnomada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi, hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganligi, shuningdek davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun to‘lovni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda, davlat xizmatini ko‘rsatish uchun to‘langan mablag‘lar qaytarilmaydi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilib, u ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlanganidan so‘ng, 10 daqiqa ichida barcha hujjatlar skaner qilinib, elektron shaklda FHDYo bo‘limlariga yuboriladi.

Bunda, ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma (ma'lumotnoma) ariza beruvchiga qaytarib berilib, tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma'lumotnomaning asl nusxasi dalolatnoma tuzgan holda 2 ish kuni ichida tegishli FHDYo bo‘limlariga taqdim etiladi.

FHDYo bo‘limlari tug‘ilganlikni qayd etish masalasidagi so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilib olganidan so‘ng 1 ish soati ichida Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan ko‘rib chiqadi va natijasiga ko‘ra bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtiradi yoki uni rasmiylashtirishni rad etish to‘g‘risidagi asoslantirilgan ma'lumotnomani tuzadi.

FHDYo bo‘limlari 10 daqiqa ichida qayd etilgan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi, tug‘ilganlik haqida gerbli guvohnoma va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga topshirish uchun tug‘ilganlik haqida ma'lumotnoma yoki tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirishni rad etish to‘g‘risidagi asoslantirilgan ma'lumotnomani ariza beruvchiga yetkazish uchun Davlat xizmatlari markaziga yuboradi.

Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish quyidagi holatlarda rad qilinishi mumkin:

agar tug‘ilganlikni qayd etish qonunchilikka zid bo‘lsa;

agar taqdim etilgan hujjatlar ularga nisbatan qonun hujjatlarida qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lmasa;

agar tug‘ilganlikni qayd ettirish uchun murojaat qilgan shaxs bunga huquqli bo‘lmasa yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa.

Davlat xizmatlari markazi FHDYo bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilib olgandan so‘ng 10 daqiqa ichida ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi va ariza beruvchiga hujjatlarni qabul qilib olganligi to‘g‘risida imzolatgan holda taqdim etadi.

Agar ariza beruvchi tug‘ilganlikni qayd etish va u bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni 3 ish kuni davomida Davlat xizmatlari markazidan olib ketmasa, Davlat xizmatlari markazi ushbu hujjatlarni dalolatnoma tuzgan holda tegishli FHDYo bo‘limlariga topshiradi va bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: