O‘zbekiston | 08:35 / 21.07.2018
8796
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti”ning filiali tashkil etilmoqda

Foto: mephi.ru

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Rosatom” atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining filialini ta'sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar “MMFI” MTYaU filiali faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

yadro energetikasi va issiqlik fizikasining tarmoq ehtiyojlarini qondirish uchun eng muhim ilmiy-texnologik ishlab chiqarish vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;

mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta'lim va ilm-fan uzluksizligi va izchilligi prinsipi, shuningdek, jahon ta'lim hamda ilmiy hamjamiyatiga muvofiq ravishda albatta integratsiyalashtirish asosida rivojlantirish;

yadro fizikasi sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta'lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish hamda joriy etish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;

ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish hamda mustahkamlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

“MMFI” MTYaU filiali oliy ta'lim muassasasi – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan notijorat tashkilot shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi;

“MMFI” MTYaU filiali “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi o‘rinlarda – bosh muassasa) alohida bo‘linmasi sifatida kadrlarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, bosh muassasa bilan kelishilgan o‘qitishning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, shu jumladan, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydi;

“MMFI” MTYaU filiali o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi;

“MMFI” MTYaU filialida o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlarining talablari inobatga olingan holda, bosh muassasa tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi;

“MMFI” MTYaU filialining ta'lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi;

“MMFI” MTYaU filialiga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda, bosh muassasa tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

“MMFI” MTYaU filiali bitiruvchilariga o‘qish tamomlanganidan so‘ng bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va bu diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.

Mavzuga oid