Maxsus qabulxonada bo‘lganlik uchun qanday haq to‘lanadi? 

O‘zbekiston 11:50 / 21.07.2018 7153

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni undirish tafsilotlari yuzasidan Norma nashri sharh e'lon qildi. 
 
Ma'lumot uchun: ma'muriy qamoqqa olish – ma'muriy jazo turi bo‘lib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yish sharoitlarida saqlashdan iborat va 3 sutkadan 15 sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi. U MJTKning 25ta moddasi bo‘yicha qo‘llanilishi mumkin.
 
«Ma'muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq ma'muriy qamoqqa olingan shaxsdan maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlar sutkasiga EKIHning 15%i miqdorida undiriladi (27 645 so‘m). Bunda shaxs o‘z xohishiga ko‘ra yagona tarif setkasi bo‘yicha kamida 1-razryaddagi ish haqi (456 326,8 so‘m) to‘lanadigan mehnatga jalb etilishi mumkin. 
 
Ma'muriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga olib kelingan kuni unga nisbatan yig‘majild yuritiladi. Shaxs ishlashga rozilik berganda unga mehnatga jalb etish varaqasi qo‘shib yuritiladi, unda ozod bo‘lgunga qadar har bir ish kuni qayd etib boriladi.  
 
Maxsus qabulxonaning hisob raqamiga tushgan pul mablag‘lari ma'muriy qamoqqa olingan shaxsni unda saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni (82 935 so‘mdan 414 675 so‘mgacha bo‘lishi mumkin) va yashash joyiga yetib olishi uchun yo‘l xarajatlarini to‘liq qoplasa, fuqaroga xarajatlarni to‘liq qoplaganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma beriladi. Mablag‘lar qoldig‘i esa uning nomiga ochilgan maxsus bank hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.  
 
Shaxs mehnatga jalb etilmagan yoxud uning ish haqi yuqorida ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplamagan bo‘lsa, ozod etilganidan so‘ng 1 bank kuni mobaynida tegishli to‘lovlarni ixtiyoriy ravishda to‘lashi lozimligi to‘g‘risida yozma bildirish beriladi. Bunda nafaqat ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar, balki yozma arizaga ko‘ra ularning yaqin qarindoshlari, shuningdek boshqa shaxslar ham pul to‘lashi mumkin.
 
Ozod etilganidan so‘ng 1 bank kuni mobaynida xarajatlarni to‘lamagan taqdirda maxsus qabulxona ma'muriyati ularni sud tartibida undirish choralarini ko‘radi.
 
Hujjat 17.07.2018 yildan kuchga kirdi.
 

Ko‘proq yangiliklar: