Bank kafolatini olish osonlashdi

O‘zbekiston 19:34 / 21.07.2018 11045

MB Boshqaruvining qarori bilan tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berishning amaldagi tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma

Eslatib o‘tamiz, shaxs (prinsipal) bankka o‘zining kreditor (benefitsiar) oldidagi majburiyatlari bajarilishining ta'minoti sifatida kafolat berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Bank, o‘z navbatida, mazkur arizaga ko‘ra kreditor pul summasini to‘lash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga to‘lash haqida yozma majburiyat beradi.
 
Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan ushbu taomilni rasmiylashtirish va berilgan kafolatlar hisobini yuritishning ayrim jihatlari soddalashtirilmoqda.
 
Birinchidan, kafolat olish uchun prinsipal belgilangan talablarga javob berishi lozim. Oxirgi uch moliyaviy yil natijalari bo‘yicha ijobiy auditorlik xulosasiga ega bo‘lishi ham talab qilinar edi. Endi mazkur mezonlar yumshatildi, bank kafolatini olish uchun moliyaviy yil natijalari bo‘yicha ijobiy auditorlik xulosasini taqdim etishning o‘zi kifoya.

Ikkinchidan, kafolat summasi «90993 – Kafolat va kafilliklar» maxsus hisobvarag‘iga kirim qilinadi va kafolat summasi to‘liq qoplab berilganga qadar saqlanadi. Xorijiy va xalqaro tashkilotlarning kredit liniyalari va qarzlarini jalb qilish bilan bog‘liq bank kafolatlari summasi uchun mazkur normaga qo‘shimcha kiritildi. Ular grafikka asosan yoki muddatidan oldin qaytarilganda – hisobvaraq qoldig‘i mos ravishda kamaytirib boriladi.
 
Uchinchidan, bank tomonidan berilgan kafolatlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni (prinsipalning kreditga layoqatliligidan kelib chiqib 1%dan 100%gacha) shakllantirish tartibi bekor qilindi. 

Hujjat 17.07.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: