Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlariga taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston 18:58 / 21.07.2018 5170

2018 yilning 21 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Cho‘lpon ota shahrida (Qirg‘iziston) Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi. 

TIV xabariga ko‘ra, tadbir chog‘ida mintaqa kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha sermazmun va batafsil fikr almashildi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra Qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Hujjatda 2019 yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahatlashuv uchrashuvining muhimligi alohida ta'kidlangan. Bundan tashqari, xavfsizlikni ta'minlash, mintaqa davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalarini faollashtirish, Markaziy Osiyoning tranzit-transport salohiyatlarini kengaytirish sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning zarurligi qayd etilgan.

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov tadbir qatnashchilarini joriy yilning oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlarining Mintaqaviy iqtisodiy forumi ishida ishtirok etishga taklif etdi.

Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining mazkur uchrashuvi mintaqadagi barcha mamlakatlarning do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va ishonch an'analariga asoslangan mintaqaviy hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish borasidagi sa'y-harakatlarining mantiqiy va tabiiy davomi bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: