O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi Rossiya va Fransiyada bo‘lib, Yevropa tajribasini o‘rganib qaytdi

O‘zbekiston 18:40 / 18.07.2018 4670

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va YeHXTning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori hamkorligidagi loyihasi doirasida xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat institutini o‘rganish maqsadida Konstitutsiyaviy sud delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi va Fransiya Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Konstitutsiyaviy sud kotibiyati Kun.uz`ga ma'lum qildi.

Rossiya Federatsiyasiga tashrif davomida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasida, Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik institutida, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati

Uchrashuvlar davomida qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti, konstitutsiyaviy shikoyat instituti, konstitutsiyaviy sudlov samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi sud organlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini e'tirof etdilar.

Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati
Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati

O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga qilgan tashrifi davomida Magistratlar (Sudyalar) milliy maktabiga, Konstitutsiyaviy Kengashga, Davlat Kengashiga, Fransiya Milliy Assambleyasi va Senatiga, shuningdek Strasburg shahrida joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida bo‘lishdi. Tomonlar konstitutsiyaviy nazorat, konstitutsiyaviy shikoyat va konstitutsiyaviy ish yuritishni takomillashtirishga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati
Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati

Uchrashuvlarda fransuz ekspertlari O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatayotganliklarini e'tirof etdilar. Ayniqsa O‘zbekistonning turistik imkoniyatlaridan foydalanish ko‘lami oshayotgani, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi targ‘ib qilinayotganligi alohida ta'kidlandi.

Foto: Konstitutsiyaviy sud kotibiyati

Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi va Fransiya Respublikasiga amalga oshirilgan O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi. Tashrif yakunlari shuni ko‘rsatdiki, konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi organlar tomonidan qo‘llanilayotgan ayrim amaliyotlar, jumladan fuqarolarning konstitutsiyaviy shikoyati, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni dastlabki nazorat qilish institutlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implimentatsiya qilish mumkin.

Bunday tadbirlarning tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish, konstitutsiyaviy sudlovni yanada yaxshilashda alohida ahamiyat kasb etadi, shuningdek inson huquq va erkinliklarini sudlar tomonidan himoya qilish samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi va Fransiya Respublikasiga tashrifi foydali bo‘ldi va bu ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Ko‘proq yangiliklar: