Biz nega bu Fransiyani sevib qolmadik?

Sport 09:00 / 18.07.2018 40347

«Oriat Dono» radiosidagi «Futbol plyus» dasturining kechagi sonida sharhlovchi Davron Fayziyev qiziq bir gap aytdi. Yakunlangan jahon chempionati g‘olibi haqida fikr bildirar ekan, Davron fransuzlarning u qadar yorqin o‘yin ko‘rsatmaganliklarini ta'kidladi va aynan shu chempionatdan keyin «qoyil, ana endi men ham Fransiya muxlisiman» deydiganlar ko‘p topilmasligini aytdi. Men bu fikrga to‘liq qo‘shilaman.

Shu o‘rinda o‘ylab ham qoldim, biror jamoa muxlisiga aylanish qanday shartlar asosida amalga oshadi? Jamoa juda kuchli va hujumkor o‘ynashi kerakmi? Yoki ajoyib fintlar va kombinatsiyalar muxlislarni o‘sha jamoa bemoriga aylantiradimi? Nima deb o‘ylaysiz?

Masalan, men keyingi hayotim uchun o‘zimga terma jamoa tanlagan 1994 yilgi mundialda Italiya terma jamoasi muxlisiga aylanib qolganman. O‘sha Italiya u qadar kuchli emasdi, chiroyli o‘ynamasdi. Guruhda to‘rt jamoa bir xil ochko to‘plab, bir xil to‘plar nisbatiga ega bo‘lgan - bechora Norvegiya kamroq gol urgani uchun so‘nggi o‘rinni egallab qolgan xolos. Nigeriyani faqat so‘nggi daqiqadagi gol evaziga hisobni tenglashtirib, keyin yutib ketishgandi. Bolgariya bilan o‘yin chempionatning eng zerikarli o‘yinlaridan biri bo‘lgandi, final ham.

Yoki aksariyat «Manchester Yunayted» muxlislaridan so‘rasam, o‘sha mashhur 1999 yilgi finalni yodga olishadi va aynan o‘sha oqshom «qizillar»ga muxlis bo‘lib qolganliklarini aytishadi. Aslida o‘sha o‘yinda Fergyuson shogirdlari raqibdan ancha kuchsiz o‘ynashgan, «Bavariya»ga achinish kerak edi ko‘proq, nazarimda. Yoki 2005 yildagi Istanbul oqshomi ham «Liverpul» muxlislari sonini karrasiga oshirib yuborgan. Xo‘sh, bu sanalgan jamoalarning umumiyligi nimada?

Kombinatsion futbol? Yo‘q. Kuchli o‘yin? Yo‘q. Yulduz futbolchilar? Unchalikmas. Menimcha, bu jamoalardagi umumiylik - emotsiya. His-hayajon. Bu jamoalar o‘sha turnirda yoki o‘yinda muxlislarga hayajon taqdim eta olishgan. Umuman, biror obektni yoqtirib qolish, uning muxlisiga aylanish emotsional jarayon - o‘sha paytda his qilingan tuyg‘ular birlamchi vazifani bajaradi.

O‘sha Italiyaga qaytsak. So‘nggi daqiqalarda bir kishi kam bo‘lib turgan holda, hisobni tenglashtirish tomoshabinga qanday kuchli emotsiya berganini tasavvur qila olasizmi? Badjoning xatosi yoki? «Manchester Yunayted» va «Liverpul»ning bir qaragandagi imkonsiz vaziyati-chi?   

Biz o‘zimiz eslaydigan jahon chempionlariga yaxshilab e'tibor bersak, har bir turnirda bu jamoalarning yorqin, esda qolarli, hayajonli lahzalarini aytib bera olamiz. To‘rt yil oldingi chempion haqida gap borganda, tabiiyki, Braziliya ustidan qozonilgan 7:1 esga keladi. Afrikadagi mundialda Ispaniya ilk o‘yinda mag‘lubiyatga uchragandi, keyingi har bir o‘yinda dor ustida yurdi. Guruhdagi so‘nggi o‘yingacha ispanlarning keyingi bosqichga chiqishlari aniq emasdi. Keyin Paragvay, Portugaliya...

JCh-2006dagi Italiya-ku, turgan bitgani hayajondan iborat. Maydon egalari bilan ajoyib qo‘shimcha vaqtlar, Avstraliyaga qarshi o‘yinda bir kishi kam o‘ynab turib, penalti yordamida arang penaltilar seriyasidan qutulib qolish, guruhda AQSh bilan asablar jangi... Final esa, menimcha, so‘nggi o‘ttiz yildagi eng zo‘r final bo‘lgandi.

Shu jihatdan olganda, rostan ham, Rossiyadagi Fransiyaning o‘yinlaridan bunday daqiqalarni topish mushkul. Gap Fransiyaning zerikarli yoki himoyaviy o‘yinida emas. Shunchaki, Fransiya qiyin vaziyatlarga tushmadi, ulardan qahramonlarcha chiqib ketmadi, muxlislarga emotsiya ulashmadi, o‘sha hal qiluvchi golni urib yugurib ketayotgan yulduzni taqdim etmadi. Hatto o‘sha Argentina hisobda oldinga chiqib olgan vaziyatda ham, Fransiya xotirjam, hammasini nazorat qilayotgandek tuyulgandi.

Shuning uchun ham Belgiya yorqinroq o‘ynagandek tuyulmoqda. Aslida, eslang, Yaponiyaga qarshi dastlabki 70 daqiqa g‘irt masxarabozlik emasmidi? Lekin o‘sha so‘nggi daqiqalardagi gollar bizga zavq ulashdi, o‘yindan ko‘ngil to‘yganlik hissini taqdim etdi, hayajonlantirdi, tabiiy ravishda, Belgiyadan «rozi bo‘ldik». Fransiya raqibiga belgiyaliklar yaponlarga taqdim etganchalik imkoniyatni bermasa aybdormas, to‘g‘rimi?

Aslida faqat 1:1 o‘ynayvergan Xorvatiyani yoqtirib qolganimiz ham shundan, bu jamoa ham  u qadar hujumkor emasdi, «pragmatik emasdi, muxlislar uchun o‘ynadi» deb ham aytish qiyin, Perishich ijrosida birorta ham tovon bilan pasni ko‘rmadik, gap bunda emas - Xorvatiya har bir o‘yinda bizga emotsiya taqdim etdi. O‘yin yakuniga bo‘lgan qiziqish, ssenariy bo‘yicha biz xorvatlar ishtirokidagi o‘yinlardan ko‘nglimiz to‘ldi, shu xolos.  

Romantikalar yurti Fransiya o‘z xarakteriga ters ravishda, kubokni sevib qolmadi, hajrida kuyib, muhabbati uchun kurashmadi, bizni so‘nggi daqiqalargacha xayajonda ushlab turmadi, ko‘z yoshlar taqdim etmadi. Shunchaki, sovchi jo‘natdi, uchrashdi va to‘y. Juda zerikarli film, haqiqatan ham.

Qaysidir ma'noda bu Fransiya 2002 yildagi Braziliyani eslatib yuboradi. Aslida Ronaldinodek futbolchisi bo‘lgan Braziliyani zerikarli deyish biroz g‘alati tuyuladi, ammo rostan ham, o‘sha Braziliyaning xususiyati raqiblariga hech qanday imkoniyat bermagani, hayajonli o‘yinlarning bo‘lmaganida edi. Favoritlarning kutilmagan ishtiroklari jihatidan ham juda o‘xshash chempionat bo‘lgandi, menimcha.

Niderlandiya o‘shanda ham chempionatga bora olmagan, chempion Fransiya va Argentina guruhda qolib ketgan. Portugaliya ham. Italiya va Ispaniyani Janubiy Koreya chiqarib yuborgan. Braziliyaning chekiga faqat bir kishi ko‘p o‘ynab ham umuman qarshilik qila olmagan Angliya va avlodlar almashinuvini amalga oshirayotgan Germaniya qolgandi.

O‘sha Braziliya haqida eslaganimda ham, katta o‘yinlarsiz, juda osonlik bilan chempion bo‘lgan jamoa ko‘z oldimda gavdalanadi. Men ham o‘sha turnirdan so‘ng, Braziliyaning muxlislari ko‘payib ketmagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Ammo bilasizmi, boshqa narsa ham bor. JCh-2002 deganda beixtiyor xayolimga Braziliya kelaveradi. Simen darvozasini uzoqdan nishonga olayotgan Ronaldino, finalda Oliver Kanni dog‘da qoldirgan Ronaldo, Belgiyani uyiga jo‘natib yuborgan Rivaldo... Axir eslashga arzigulik boshqa voqealar ham bor edi, o‘sha turnir juda ko‘p emotsiyalarni taqdim etgan: Turkiyaning uzoqqa borishi yoki Koreyaning g‘alabalari, Senegalning jasorati, kuchli terma jamoalarning birin-ketin chiqib ketishlari... Lekin.

Aslida Fransiya juda katta ishni amalga oshirdi. Go‘yoki chempionni xorvatlarning irodasi, Rossiyaning shijoati, yapon yoki koreyslarning mo‘'jizalari soyada qoldirayotgandek tuyulsa-da, kayfimiz tarqab, his-hayajon o‘rnini quruq xotira egallagan qandaydir o‘n yildan keyin, ortda qaraganimizda Mbappeni, Grizmanni, Pogbani ko‘ramiz... Ishonavering. 

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: