O‘zini sovchiman deb tanishtirib, jinoyat qilgan shaxsga hukm o‘qildi

Jamiyat 21:40 / 17.07.2018 22591

2018 yil prel oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudida sudlanuvchi Xujamova Ozodaxon Mustafo qiziga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud A.Isakov raisligida o‘tkazildi. 

Foto: Kun.uz

Aniqlanishicha, sudlanuvchi O.Xujamova ilgari ham o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan. U xavfli retsidivist bo‘lgani holda 2017 yil 27 avgust kuni soat 13:00larda Andijon shahrining 3-kichik dahasi, 4a-uy, 20-xonadoniga go‘yoki o‘zini sovchi deb tanishtirib kirib, xonadon egasi F.Raximovaga yuqori qavatda yashovchi qo‘shnisini qizi borligi, qaynonasi bilan birga qachon kelishlari haqida so‘rab berishni iltimos qilgani uchun chiqib ketganidan foydalanib, uni yashash uyi yotoqxonasida bo‘lgan shkafdan 400 AQSh dollari, 6 dona ayollar va 1 dona erkaklar tilla uzuklarini, 1 dona ayollar tilla qo‘l soatini jami narhi 30.000.000 so‘mlik mulklarini yashirin ravishda o‘g‘irlagan.

Bundan tashqari, u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran 2017 yil 6 oktabr kuni soat 13:00larda Andijon shahrining Shimoliy kichik dahasi, 24-uy, 38-xonadoniga o‘zini sovchi deb tanishtirib, xonadon egasi Z.Abdazovani yuvinish xonasiga kirib ketganligidan foydalanib, unga tegishli 5.000.000 so‘mlik “ Samsung Galaxy S7” rusumli telefon apparatini yashirin ravishda o‘g‘irlagan. 

Shu bilan birgalikda, u takroran 2017 yil 13 oktabr kuni soat 16:00larda Andijon shahrining 2-kichik dahasi, 18b-uy, 3-xonadoniga yana o‘zini sovchi deb tanishtirib, xonadon egasi G.Ibragimovaning o‘g‘li O.Azimovni tashqariga chiqib qaynonasini olib kirishini aytgani uchun chiqib ketganidan foydalanib, xonadondagi shkafdan 1 dona ayollar tilla zanjiri, 1 dona qizil ko‘zli uzuk, 2 dona oq ko‘zlik sirg‘alari, 1 dona paxta oyli kulon, 3 dona tilla tishlarni jami 5.000.000 so‘mlik tilla-taqinchoqlarni yashirin ravishda o‘g‘irlagan.

Sud O.Xujamovaga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan (o‘g‘rilik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JKning 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tuman sudining 2017 yil 10 oktabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoni mazkur hukm bilan tayinlanayotgan jazoga qisman qo‘shib, o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflar shikoyat yoki protest bildirishga haqliligi tushuntirildi.

Ko‘proq yangiliklar: