O‘zbekistonda Nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 21:50 / 17.07.2018 10506

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda buyrak xastaliklarini davolash va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga qarshi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini qoniqarsiz baholadi hamda tibbiyotning ushbu yo‘nalishini yaxshilashga doir qarorni imzoladi. Unga muvofiq, mamlakatda Respublika nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda nefrologiya kasalliklariga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, mavjud ahvolning tahlili gemodializ yordamiga muhtoj bo‘lgan bemorlarga to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar mavjudligini ko‘rsatgan. 

Xususan, gemodializ olish uchun o‘rinlarning umumiy soni real ehtiyojdan bir necha baravar kam, ko‘pgina gemodializ mashinalarining belgilangan foydalanish muddati o‘tib ketgan,  aholiga yuqori malakali nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish, shuningdek, buyraklarni transplantatsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmalarga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini tashkil etishga ehtiyoj mavjud. 

Qolaversa, terminal va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlarni davolashning yagona standartlari va protokollari joriy etilmagan, shuningdek, nefrologik kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularga o‘z vaqtida tashxis qo‘yishning samarali tizimi, bemorlarni tanlash va gemodializga yuborish tartib-taomillari yo‘lga qo‘yilmagan. Nefrolog mutaxassislar, gemodializ shifokorlar va gemodializ bo‘linmalarining boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha yagona dastur mavjud emasligi sababli shifokor-nefrologlar va gemodializ bo‘yicha mutaxassislar keskin yetishmayapti. 

Mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va kamchiliklarga barham berish, shuningdek, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni ta'minlash va nefrologik kasalliklardan azob chekayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatish bo‘yicha faoliyati qoniqarsiz, deb topildi. Shunga binoan,
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oliy tibbiyot ta'lim muassasalari klinikalari, respublika ko‘p tarmoqli shifoxonalarining yetakchi mutaxassislari ishtirokida tizimli ravishda aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda. 

Tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha bosqichlarida katta yoshdagilar va bolalarda buyrak kasalliklariga tashxis qo‘yish va uni davolashning yagona zamonaviy standartlari va protokollarini joriy etish va boshqa choralar belgilangan. 

Qarorga muvofiq, Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etiladi. Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti "Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi" kafedrasi ham tashkil etiladi. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning "nefrologiya" va "bolalar nefrologiyasi" mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalishlarini ochiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: