2018 yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekiston YaIM hajmi joriy narxlarda 152 533,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 4,9 foizga o‘sdi. YaIM deflyatori indeksi 2017 yilning yanvar – iyun oylaridagi narxlarga nisbatan 135,4 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qilgan.
Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 4 mln 653 ming so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga yuqoridir.
Iqtisodiy o‘sish sur'ati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bog‘liqdir, deya qayd etiladi Statistika qo‘mitasi hisobotida.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YaIM umumiy hajmining 85,5 foizini tashkil etdi va 5,0 foizga o‘sdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 14,5 foizni tashkil etdi va 4,5 foiz darajasida o‘sish qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, YaIM o‘sish sur'atiga xizmatlar sohasi eng katta ta'sir ko‘rsatdi (1,9 f.p.) va bu soha o‘tgan yilning yanvar-iyuniga nisbatan 4,4 foizga o‘sdi. Jumladan, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 1,7 foizga, tashish va saqlash, axborot va aloqa 5,6 foizga va boshqa xizmatlar 5,0 foizga o‘sdi.
Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 6,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YaIM mutloq o‘sish sur'atiga ijobiy ta'siri 1,4 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi ijobiy dinamika tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 34,3 foizga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 0,9 foizga va boshqa sanoat tarmoqlarining 2,0 foizga o‘sishi hisobiga ta'minlandi.
Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 9,7 foizga o‘sdi. YaIMning mutloq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,7 f.p. darajasida baholandi.
2018 yilning yanvar – iyun oylari yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ham 2,7 foiz darajasida ijobiy o‘sish sur'ati qayd etildi. Mazkur tarmoqning YaIM mutloq o‘sish sur'atiga ta'siri 0,4 f.p. ni tashkil qildi.
Sanoatning ulushi 26,1 foizdan 30,6 foizga oshdi, qurilish tarmog‘ining ulushi esa o‘tgan yilgi darajada saqlanib qoldi va 7,4 foizni tashkil qildi.
Xizmatlar sohasining YaIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 45,3 foizga teng bo‘ldi va o‘tgan yilning mos davri (49,3 foiz) bilan taqqoslaganda 4,0 f.p. ga kamaydi.