Rahmonbek Usmonov qo‘lga olingani haqidagi xabar tasdiqlanmadi

O‘zbekiston 21:00 / 17.07.2018 59663

Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov qo‘lga olingani haqidagi xabar tasdiqlanmadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda sobiq hokim ustidan jinoiy ish ochilgani hamda bir qator ayblovlar bilan unga nisbatan tergov harakatlari boshlangani haqida internetda tarqalgan ma'lumotni rad etdi.

Xabarlarda shu yilning aprelida poytaxt shahar rahbarligidan ketgach, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi («O‘zavtotrans» agentligi) rahbarining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat boshlagan Rahmonbek Usmonov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani, unga nisbatan qurilish uchun ajratilgan yer maydonlarini noqonuniy sotish, pora olish (Jinoyat kodeksining 210-moddasi), yer uchastkalarining ajratilishida mansab vakolatini suiiste'mol qilish (Jinoyat kodeksining 205-moddasi) hamda qishki zaxira uchun ajratilgan piyozning «isrof» qilingani holatlari yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan ham aytilgandi.

«Bu ishonchli ma'lumot emas. Bosh prokuratura bunday ma'lumot bermagan. Bu tasdiqlanmagan, asossiz xabar», deya javob qaytargan bosh prokuratura vakili.

Eslatib o‘tamiz, Rahmonbek Usmonov 2012–2018-yillar davomida Toshkent shahar hokimi bo‘lgan. U 2018 yilning 26 aprel kuni o‘z vazifasidan ozod etilgan, uning o‘rniga Akfa Group kompaniyalari asoschisi va rahbari, ishbilarmon Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Bir haftacha oldin prokuratura Usmonovning turli yillarda imzolangan, yer uchastkalari ajratilishi haqidagi qarorlarini to‘xtatgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: