Qanday holatlarda davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi mumkin?

O‘zbekiston 13:40 / 17.07.2018 30939

O‘zbekiston Respublikasida investitsion iqlimni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasida yer uchastkalaridan foydalanish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi haqidagi qaror faqat yer uchastkalari olib qo‘yiladigan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama, shuningdek foyda va zararlar baholanganidan so‘ng qabul qilinadi.

Bu holda jismoniy va yuridik shasxlarga tegishli bo‘lgan turar-joy, ishlab chiqarish binolari va boshqa qurilma va inshootlarni buzish, ko‘chmas mulkning bozor bahosi va yer uchastkasining olib qo‘yilishi bilan bog‘liq zararlar to‘liq qoplanganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, davlat organining (mansabdor shaxs) noqonuniy ma'muriy akti chiqarilishi oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar davlat tomonidan, birinchi navbatda tegishli organlarning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Farmon loyihasi bilan davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari qat'iyan quyidagi maqsadlarda olib qo‘yilishi belgilanmoqda:

- mudofaa va davlat xavfsizligi, qo‘riqlanuvchi tabiat hududlari, erkin iqtisodiy zonalar tuzish va ularni ishga tushirish ehtiyojlari uchun yer ajratish;

- xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish zaruriyati yuzasidan;

- foydali qazilmalarni topish va ularni qazib olish bilan bog‘liq hollarda;

- avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya va aviatexnik markazlar obektlari, temiryo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish liniyalari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, injyenerlik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

- O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga obektlar qurish tufayli aholi punktlarining bosh rejalarini amalga oshirish, shuningdek qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa holatlarda.

Ko‘proq yangiliklar: