Xalq ta'limi tizimida shanbaliklar, gazetalarga obuna, ortiqcha tekshiruvlar bekor qilinadi

O‘zbekiston 22:20 / 17.07.2018 61552

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ muxbiriga ma'lum qilishicha, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga doir chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Umumiy o‘rta ta'lim tizimida ish haqi darajasini oshirish yo‘li bilan. Bu maktablardagi o‘qituvchilar tarkibining mustahkamlanishiga olib keladi. Ayni damda respublika maktablarida 11 ming vakansiya mavjud. Bundan tashqari, 66 mingdan ziyod pedagog oliy ma'lumotga ega emas. O‘qituvchining mavqeini oshirish differensial ravishda, o‘qituvchilarning malakasiga qarab amalga oshiriladi;
  • Xalq ta'limi vazirligi (XTV) tizimi xodimlarini ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga (tozalash ishlari, shanbaliklar, obodonchilik ishlari, turli yig‘ilish va majlislarda bo‘lish, kommunal xizmatlar to‘lovi va ko‘rsatkichlarni tekshirish bilan bog‘liq xizmatlarga) jalb qilishni taqiqlash yo‘li bilan. Bundan tashqari, o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna, avans kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va b.) majburiy ravishda olib qolish ham taqiqlanadi;
  • XTV bilan muvofiqlashtirilmagan xalq ta'limi muassasalari tekshiruvlarini yo‘q qilish;
  • Nazorat-huquqiy xizmatni yo‘lga qo‘yish va unga ichki nazorat, xalq ta'limi xodimlari huquqlari va mavqelarini himoya qilish funksiyasini yuklash yo‘li orqali. Shuningdek XTV qoshida Call - markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unga pedagoglar, ota-onalar va o‘quvchilar ehtimoliy qonun buzilish holatlari bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi;
  • Televideniye, radio va onlayn ommaviy axborot vositalarida o‘qituvchining obro‘sini oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar yaratish va keng targ‘ibot ishlarini olib borish. Buning uchun vazirlikda Media markaz tashkil qilish.
  • O‘qituvchilarga imtiyozli kreditlar asosida ijtimoiy uylar va avtomashinalar beriladi. Shuningdek o‘qituvchilarning oila a'zolariga yordamchi xo‘jalik yuritish uchun qoramol va parrandalar sotib olish, issiqxonalar, limonariylar yaratish uchun imtiyozli kreditlar beriladi.
Ko‘proq yangiliklar: