Yevropa Ittifoqi va Yaponiya o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi

Jahon 19:10 / 17.07.2018 2342

Bugun, 17 iyul kuni Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘zaro savdodagi aksariyat mahsulotlarga boj tariflarini bekor qilishni ko‘z tutuvchi erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi. Bu haqda Xinhua agentligi xabar bermoqda.

Sindzo Abe Yevropa Komissiyasi raisi Jan-Klod Yunker va Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk bilan uchrashuv chog‘ida erkin savdoning protektionizmdan afzallik jihatlari haqida to‘xtaldi hamda erishilgan kelishuvni «muhim ahamiyatga ega» va «tarixiy muvaffaqiyat» deya baholadi.

Yevropa Komissiyasi bosh spikeri Margarit Shinas Yaponiya va YeI o‘rtasidagi savdo hamkorligi masalalarini muhokama qilish jarayonini «Yevropa Ittifoqi tarixidagi eng yirik muzokaralar» deb atagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, «ushbu kelishuv natijasida jahon YaIMning uchdan bir qismini qamrab oluvchi erkin savdo hududi yaratiladi»

Yevroittifoqning savdo komissari Sesiliya Malmstryomning fikricha, YeI – Yaponiya hamkorligini jahon hamjamiyati AQShning protektionist rahbariyatiga qarshi o‘ziga xos signal sifatida qabul qilishi kerak.

Savdo shartnomasiga ko‘ra, Yevropa Yaponiya avtosanoati uchun o‘z eshiklarini ochadi, o‘z navbatida, kunchiqar mamlakat YeIning qishloq xo‘jaligi, ayniqsa sut mahsulotlari importi uchun barcha to‘siqlarni olib tashlaydi.

2019 yil martigacha kuchga kiradigan erkin savdo to‘g‘risidagi paktga binoan, Yaponiya YeIdan umumiy import bojlarining 94 foizini bekor qiladi. O‘z navbatida, Yevropa tomoni Yaponiya import mahsulotlari uchun boj to‘lovlarini 99 foizga qisqartiradi.

Ushbu kelishuv natijasida Yevroittifoq jahonning eng boy bozorlaridan biriga kirish imkoniga ega bo‘lsa, Yaponiya o‘z iqtisodiga katta turtki bo‘lishidan umid qilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, xavfsizlik, kiberjinoyatchilik va iqlim o‘zgarishi kabi turli masalalarni qamrab olgan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ham imzolashdi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe ushbu shartnomani imzolash uchun o‘tgan hafta Bryusselga tashrif buyurishi rejalashtirilgan, biroq 220 kishini hayotdan olib ketgan suv toshqinlari sabab o‘z tashrifini bekor qilishiga to‘g‘ri kelgandi.

Jahonning eng yirik yaxlit bozori – 28 mamlakatdagi 500 million aholini o‘z ichiga olgan Yevropa Ittifoqi Trampning protektionizm siyosatidan butkul teskari yo‘ldan bormoqda. Xususan, ittifoq va Yaponiyaning bugun imzolagan shartnomasi AQShning po‘lat va alyuminiyga boj joriy qilishiga qarshi «qo‘shma front» tuzilganidan darak beradi. Avvalroq rasmiy Tokio qo‘shma shtatlar tomonidan savdo urushi boshlanishini «achinarli holat» deya baholagandi.

Yevropa Ittifoqi rahbariyatidan iborat delegatsiya bugun Tokioga tashrif buyurishidan oldin kecha Xitoy poytaxti Pekinda ham bo‘lib, jahon hamjamiyatini tijorat bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga va savdo urushlaridan tiyilishga chaqirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: