Ravshan Ermatov JChda VAR tizimi joriy etilganiga munosabat bildirdi

Sport 21:00 / 16.07.2018 32169

O‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatov Rossiyadagi Jahon chempionatidan boshlab joriy etilgan VAR texnologiyasi xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri Ermatovning bugun bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub konferensiyasidagi so‘zlariga asoslanib xabar bermoqda.

«VAR tizimi bo‘yicha biz bir yarim yil oldin ishlashni boshlagandik. Yarim yilcha oldin bu tizim jahon chempionatida qo‘llanishi tasdiqlandi. Uni joriy etishdan maqsad nima? Maqsad shuki, jahon chempionatidek muhim musobaqa o‘yinlarida birgina hakamning vaziyatni ko‘rolmay qolishi uchrashuv taqdirini hal qilmasin, millionlab muxlislarning qayg‘uga botishiga sabab bo‘lmasin.

VAR – bu endi birinchi qadam, xolos. Muxlislar bu tizimdan ko‘proq narsani xohlashmoqda. Tizim 100 foiz to‘g‘ri ishlayapti, desak, yolg‘on bo‘ladi. Biroq siz yurishni o‘rganmay turib, yugurib ketolmaysiz. VAR tizimi ham endi «yurishni o‘rganyapti».

VAR tizimini juda ham ijobiy baholagan bo‘lardim. Kerakli va foydali instrument, deb hisoblayman. U to‘rttagina vaziyatda qo‘llaniladi: gol yoki gol emasligini, penalti yoki unday emasligini, qizil kartochkaga tortadimi yoki yo‘q, shuni aniqlashda, shuningdek, hakam adashib boshqa futbolchiga kartochka ko‘rsatmasligining oldini olishda.

Jahon chempionati davomida, menimcha, 2 yoki 3 marotaba bu tizimdan foydalanildi. Ko‘p o‘yinlarda hakamlar VAR yordamisiz ham o‘z ishlarini yaxshi uddalashyapti. Mana, kechagi finalda ham bitta vaziyat bo‘ldi. Hakam bordi, ko‘rdi, o‘zi ishonch hosil qildi va to‘g‘ri qaror chiqardi. Bu, menimcha, birinchi o‘rinda futbolning shaffofligini ta'minlaydigan instrument sifatida xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ham bu tizim tomon sekin-sekin qadam qo‘ya boshlasak, yomon bo‘lmasdi. Chunki bitta vaziyatni ko‘rmay qolsangiz, buni odamlar o‘n yillab eslab yuradi. Lekin o‘sha vaziyatni borib ko‘rib – mayli vaqtingiz ketsa ham, baribir bo‘lim oxirida bu vaqtni qo‘shib berasiz-ku, - qaror qabul qilsangiz, odamlarda sizga nisbatan hech qanday e'tiroz ham bo‘lmaydi, o‘yin ham halol o‘tadi», - dedi Ravshan Ermatov.

Ermatovning fikrlariga sharhlovchi Davron Fayziyev quyidagicha qo‘shimcha qildi:

«Hakamlarning faoliyatini dorbozning ishiga qiyoslash mumkin. Dorboz ham muvozanatni ushlab oxirigacha borishi kerak. Bu esa judayam qiyin. Birgina xato qilsa, yillar davomida unutilmaydi. Mana endi hakamlarda «straxovka» paydo bo‘ldi. Ular o‘zlari ham oxirigacha bora olishadi, lekin mabodo xatoga yo‘l qo‘yishsa, o‘sha arqon ularni yiqilishdan saqlab qoladi».

Ko‘proq yangiliklar: