Putin Xelsinkiga keldi. Tramp ham shu yerda

Jahon 15:30 / 16.07.2018 29284

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning samolyoti Finlyandiya poytaxti Xelsinkiga qo‘ndi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, samolyot belgilanganidan bir yarim soat kechikib aeroportga kelgan.

Oq uy tomonidan e'lon qilingan grafikka ko‘ra, Putin va Tramp Toshkent vaqti bilan soat 15:20da yakkama-yakka uchrashishi kerak edi. Uchrashuv 3 soat davom etishi belgilangan.

Uchrashuv davomida tomonlar iqtisodiy va siyosiy masalalarni, Suriya va Ukrainadagi nizolarni hamda boshqa masalalarni muhokama qilishi rejalashtirilgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xelsinkiga kun boshida kelgan va Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan uchrashishga ulgurgan.

16 iyul kuni Xelsinkida Rossiya va AQSh rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkaziladi. OAV bu sammitni «tarixiy sammit», deb atagan.

Bungacha ikki siyosatchi ikki marta uchrashgan, biri 2017 yil iyulida Hamburgda «Katta yigirmatalik» sammiti doirasida, ikkinchisi o‘tgan yil noyabrida Vetnamning Danang shahrida o‘tkazilgan sammitda ro‘y bergandi.

Umuman olganda, bu uchrashuvdan keskin qarorlar kutilmayapti. Ammo bu uchrashuv ikki tomon munosabatlari yana iliqlasha boshlashiga xizmat qilishi mumkin.

Kremldagilar Tramp o‘rtaga tashlaydigan har qanday masalani muhokama qilishga tayyorliklarini bildirishgan. 

Putin va Tramp nimani muhokama qiladi?
 

Suriya
Taxmin: Aprel oyida AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya Bashar Asad harbiylariga hujum uyushtirishgandi. G‘arb davlatlari o‘shanda Suriya hukumatini tinch aholiga kimyoviy hujum ishlatishda ayblagandi. Bir necha kun o‘tib Donald Tramp Suriyadan amerikalik harbiylarni «imkon qadar tez» olib chiqishni istashi, hududdagi mamlakatlar o‘z taqdirini o‘zlari hal qilishlari kerakligini aytgandi.

AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning Moskvaga iyun oyi oxiridagi tashrifi arafasida (Xelsinkidagi uchrashuv bo‘yicha shu tashrif davomida kelishilgandi) Suriya hukumati kuchlari Rossiya aviatsiyasi ko‘magida mamlakat janubiga keng ko‘lamli hujum boshladi. Amerikaning Iordaniyadagi elchixonasi shu munosabat bilan Asad armiyasiga qarshi kurashayotgan kuchlar AQShdan yordam kutishi kerak emasligidan ogohlantirdi.

Bu esa Tramp ma'muriyati Rossiyaga yon berayotganini ko‘rsatardi. Vashingtondagi asosan Yaqin Sharq mavzusini yoritadigan Al-Monitor nashri Davlat departamentida Suriya masalasiga javob beruvchi va Asadga qarshi kurashni faol qo‘llab-quvvatlovchi Joel Reybern iste'foga chiqish kutilayotganini yozib chiqdi.

Muammolar. AQSh prezidentida Suriya masalasida muayyan strategiya yo‘qligi yangilik emas. Ammo shu vaqtga qadar ham rasmiy Moskva bu borada oldinga siljishlarga erishmagan.

Kim nima demoqda? Amerikadagi nashrlarning barchasi ikki prezident uchrashuvidagi asosiy mavzu - Suriya bo‘lishini, ammo bundan hech bir ish chiqmasligini yozmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: