Andijonda tadbirkor yeri nega tortib olindi?..

Jamiyat 12:41 / 16.07.2018 27944

KUN.UZ pochtasiga kelib tushgan navbatdagi murojaatlardan birida tadbirkor uchun ajratilgan yer maydoni Andijon shahar hokimligi tomonidan tortib olinganligi haqida bayon etilgan. Murojaatda ta'kidlanishicha, Andijon shahrida joylashgan “Yorboshi” zamonaviy kushxona kompleksi davlat dasturi bo‘yicha tasdiqlangan loyiha bo‘lib, shahar hokimi chiqargan qaror sababli uning ijrosi amalga oshirilmayapti. Murojaatni to‘liq o‘rganish maqsadida Andijon viloyatiga bordik.

Andijon shahrining “Qo‘shariq” dahasida joylashgan “mini-kopleks” – zamonaviy kushxonasi yangi dastgohlar bilan jihozlangan bo‘lib, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi. Aslida, mazkur korxona 2015 yili respublikaning barcha shahar va tuman markazlarida chorva mollarini avtomatlashtirilgan ravishda so‘yish hamda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotish bo‘yicha namunaviy mini-komplekslarni tashkil etish maqsadida davlat dasturi doirasida bunyod etilgan edi. 2015 yil 2 iyulda kompleksni qurish uchun yer maydoni tanlab ajratishga hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risida sobiq shahar hokimi vazifasini bajaruvchi U.Soliyev imzosi bilan qaror chiqqan edi.

Loyihaga ko‘ra, dastlab zamonaviy kushxona bunyod etilib, ikkinchi bosqichda tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi liniyalar ishga tushirilishi kerak edi. Tadbirkor tomonidan ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2015 yilda tijorat bankidan 1 milliard 750 million so‘mlik kredit olingan bo‘lib, kushxona to‘liq qurib bitkazildi. Bugungi kunda olingan kreditning faqat 400 million so‘mi qoplangan, xolos. Tadbirkor tomonidan har oyda 57 million so‘mdan kredit foizlari to‘lanmoqda.

2017 yil 20 dekabrda Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev “Yorboshi” korxonasiga qurib bitkazilgan bino-inshoatni foydalanishga qabul qilish hamda egalik huquqini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.  

Biroq, oradan uch oy o‘tib shahar hokimi o‘z qarorini bekor qilishga ahd qildi. 2018 yil 22 mart kuni 330-q sonli qaror bilan Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev teri mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish va go‘sht mahsulotlarini sotish, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda tayyor teri mahsulotlarini chet elga eksport qilish bazasini qurish uchun ajratib berilgan yer maydonidan foydalanish huquqini bekor qildi.

Bu ham yetmaganday, 2018 yil 6 iyulda hokim Andijon shahar “Qurilish materiallari bozori” MChJga shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan ushbu yer maydonini zamonaviy loyihalar asosida qurilish materiallari bozori tashkil etish uchun tanlab ajratishga hamda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risida qarorni qabul qildi.

Xo‘sh, shahar hokimi nega davlat dasturi doirasida bunyod etilayotgan korxonaga ajratilgan yerni qaytarib oldi? Davlat dasturi ijrosini ta'minlash uchun milliardlab mablag‘ sarflagan tadbirkorning vaqti va imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishining sababi nima? Tadbirkor qurib qo‘ygan zamonaviy bino endi buzib tashlanadimi? U buzilsa, tadbirkorga u sarflagan xarajatlarga teng ravishda tovon to‘lanish masalasi hal etiladimi? 

“Yorboshi” korxonasini ko‘zdan kechirar ekanmiz, uning yosh rahbari, tadbirkor Abduqaxxor Dadaboyev bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, mazkur masala yuzasidan viloyat hokimi bilan bir necha bor uchrashishga harakat qilgan, ammo qabuliga kira olmagan. Bir necha milliard so‘m evaziga barpo etilgan bino buzib tashlansa, xonavoyron bo‘lishini aytib o‘ksindi. Chunki yerning “yangi egalari” allaqachon eshik qoqib kelishmoqda.  

Ma'lumotlarga qaraganda ayni paytda tadbirkor turkiyalik hamkorlar bilan charmni qayta ishlash va tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 2 million AQSh dollariga teng loyiha ustida muzokaralar olib bormoqda. Biroq turk hamkorlar yerning olib qo‘yilgani haqidagi xabardan so‘ng mazkur hamkorlikka ishonchsizlik bildirmoqdalar. Bunday tushunarsiz holat investitsiya kiritib qo‘yilgach ham bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi, deb so‘rashmoqda?

Ahamiyatli jihati, “Yorboshi” zamonaviy kushxonasining yeri tortib olinib, “Qurilish materiallari bozori” MChJga bozor tashkil etish uchun  qaror chiqarilgan.

Nahotki, tadbirkor shuncha sarf-xarajatiga kuyib qolsa? Biz shahar xokimidan mazkur holat bo‘yicha izoh olishga urindik. Shahar hokimi bilan uchrashdik. Uning aytishicha, ushbu maydondan maqsadli foydalanilmagan. Kushxona qurish uchun berilgan yerga tadbirkor tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilish materiallari bozori tashkil qilingan. Tegishli tashkilotlarga ariza kelib tushgan. Ishchi guruh borib tekshirgan. Yerdan maqsadsiz foydalanilganligi holati tasdiqlangan. Shuning uchun ham tadbirkorning yerga egalik huquqi bekor qilinib, shahar hokimligi zaxirasiga olingan. Yana prezident tashrifi chog‘ida uysiz fuqarolar uchun namunali uy qurish vazifasi topshirilgan. Bu loyihaning bir qismi eski yog‘och bozoriga qurilishi belgilangan. Tadbirkordan olib qo‘yilgan yerga eski yog‘och bozori ko‘chirilgan, deb aytdi Andijon shahar hokimi biz bilan telefon orqali bo‘lgan suhbatda.

Hokimning qaroridan norozi bo‘lgan tadbirkor ushbu qarorni bekor qilishni so‘rab talabnoma kiritgan edi. Biroq talabnoma e'tiborsiz qoldirilgan va unga javob berilmagan. Shundan so‘ng korxona rahbari hokimning qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab Andijon shahar ma'muriy sudiga da'vo arizasi kiritgan. Hozirda tadbirkor odil sudlov mazkur muammoni xolisona ko‘rib chiqib, adolatli qaror qabul qilishiga katta umid qilmoqda.

 “O‘zcharmsanoat” uyushmasining ma'lumotlariga qaraganda, O‘zbekistonda har yili 12 million dona jonliq so‘yilmoqda. Dasturda belgilangan yuzdan ortiq korxonadan atigi 33 tasi ishlamoqda. Bu kushxonalarda taxminan bir yilda 500 mingta mol-qo‘y so‘yilmoqda. Xo‘p, mayli ularning hisobi bor. Xususiy qassoblar tomonidan tig‘ tortilayotgan 11 yarim million bosh chorvaning terisi qayerga gum bo‘lmoqda? Kushxona to‘la quvvat bilan ishlasa hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash barobarida sifatli teri olinib, qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Demakki, qo‘shimcha byudjyet tushumlari shakllanadi.

Ma'lumki, 2018 yilning 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi edi. Ushbu qaror mazkur sohadagi islohotlarni yanada rivojlantirish va soha tadbirkorlarining huquq va manfaatlarini yanada ko‘proq himoya qilinishini ta'minlaydi.

Umid qilamizki, mazkur masala Prezidentning yuqoridagi qarori ijrosini nazorat qilish uchun bevosita  mas'ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi (S.R.Xolmuradov), O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori (O.B.Murodov) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari (B.M.Mavlonov)ning e'tiboridan chetda qolmaydi.   

“Kun.uz” sayti esa voqealar rivojini kuzatadi.

Ko‘proq yangiliklar: