Abdulla Aripov Farg‘onada Tojikiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston 19:40 / 16.07.2018 11182

Bugun, 16 iyul kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzodaning amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalar tarkibiga vazirliklar va idoralar, yetakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlari kiritilgan.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, bosh vazirlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini, avvalo oliy darajada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilgan.

Shuningdek, joriy yilning mart oyidagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi va prezident Emomali Rahmon bilan muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan turli darajalardagi aloqalarning yuqori samaradorligi qayd etilgan.

O‘zaro savdodagi o‘sishning ijobiy dinamikasi alohida ta'kidlangan. Ma'lum qilinishicha, savdo aylanmasi 2018 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilga nisbatan 35 foizdan ko‘proqga oshgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi va geografik qo‘shnilik va past transport xarajatlari tufayli raqobat ustunligiga egaligi ham ta'kidlab o‘tilgan.

Savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida tomonlar Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va O‘zbekiston va Tojikiston hududida ikki davlat ishbilarmon doiralari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olishgan.

O‘zbekiston tomoni Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida Toshkent shahrida «Tojikistonda ishlab chiqarilgan» milliy sanoat ko‘rgazmasining hamda birgalikdagi O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, O‘zbekiston va Tojikiston bosh vazirlari o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish borasidagi qo‘shma harakatlarni kelishib olishgan.

Tomonlar barcha sohalardagi ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini va ularni bundanda samarali va sermahsul bo‘lishligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyorliklarini yana bir bor ta'kidlashgan.

Bosh vazirlar bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuvi davlatlararo munosabatlarni yang‘i pog‘onaga ko‘tarishiga hamda ikki davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochishiga ishonch bildirishgan.

Farg‘onadagi muzokaralar yakunida uchrashuv Bayonnomasi imzolangan.

Ko‘proq yangiliklar: