Jahon banki vitse-prezidenti O‘zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 20:10 / 15.07.2018 9449

Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmatiga intervyu berdi. Unda dunyoning nufuzli moliyaviy tashkiloti bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusi rejalar haqida ma'lumot qilindi. Suhbat jurnalist Sergey Alibayev tomonidan olib borildi.

— Janob Myuller, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan uchrashuvda hamkorlikning qaysi yo‘nalishlari muhokama qilindi?

— Prezident Mirziyoyev bilan bo‘lgan suhbatda biz Jahon bankining O‘zbekistondagi loyihalarini muhokama qildik. So‘nggi 12 oy ichida biz bu mamlakatda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirdik. Bu O‘zbekiston bilan Jahon banki hamkorligi doirasidagi rekord qiymatdir.

Shuningdek, prezident Mirziyoyev bilan bo‘lgan suhbatda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar dasturi, shuningdek, bog‘dorchilik, irrigatsiya va energetika tizimini rivojlantirish loyihalarini muhokama qildik. Eng asosiy jihati bu dasturlar doirasida oldinga siljish borligini qayd qildik.

— O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik doirasida jami 39ta loyiha tayyorlangan. Ularni imtiyozli moliyalashtirishga 4,4 milliard dollar jalb qilingan, 2020 yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik dasturi qabul qilingan. Muhim loyihalar haqida gapirib bersangiz.

— Loyihalar to‘g‘risida gapirar ekanmiz, 2ta asosiy jihatga e'tibor qaratishni lozim ko‘raman. O‘zbekiston yosh mustaqil davlat hisoblanadi. Shu jihatdan olib qaralsa, Jahon banki uchun ta'lim va tibbiyot sohasidagi dasturlarni amalga oshirish, ya'ni, inson kapitaliga investitsiya kiritish muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, biz O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimini isloh qilishga ham ko‘maklashamiz. Maktabgacha ta'lim sohasini isloh qilish loyihasi ham ma'qullanish arafasida turibdi. Ikkinchi jihati, biz infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi loyihalarga e'tibor qaratamiz. Bundan tashqari, qishloq hayoti va aholisiga oid dasturlarni rivojlantirishga yordam berib, ularni moliyalashtirmoqchimiz.

— Jahon banki prezident Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan turli sohalardagi islohotlarga yuqori baho berdi. Bundan tashqari, bankning yetakchi mutaxassislari soliq konsepsiyasini ishlab chiqishda ham yordam berishdi. Iqtisodiy hamkorlik kengashi tuzish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Prezidentning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish tashabbusini qanday baholaysiz?

— Jahon banki har yili biznes muhiti bo‘yicha reytingni chop etib boradi. O‘tgan yillari O‘zbekiston bu reytingda 100-o‘rinda edi, ayni paytda 70-80 o‘rinlar orasiga ko‘tarildi. Umid qilamizki, O‘zbekiston bu reytingdagi o‘rnini yanada yaxshilab boradi. Kichik va o‘rta biznes o‘zini juda yaxshi his qilishi juda muhim. Albatta bular yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga olib keladi. O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan muhit juda hayratga solmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotida 5% o‘sish kuzatilmoqda. Biz iqtisodiyotning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishga tayyormiz.

— Jahon banki bilan hamkorlikdagi asosiy yo‘nalishlardan biri qishloq xo‘jaligi ekani aytildi. O‘zbekiston agrar sohasida yuqori texnologiyali klasterlarni yaratish, mahsulotlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, menejment va logistikani yaxshilashga jiddiy e'tibor qaratadi. Bu yo‘nalishda qanday loyihalar ko‘zda tutilgan?

— Qishloq xo‘jaligi - iqtisodiyotning o‘sishini ta'minlovchi juda katta sohadir. Bu soha O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Biz bog‘dorchilik, meva va sabzavotlar yetishtirish sohasiga chuqur e'tibor qaratyapmiz. Bu sohada fermerlar uchun moliyaviy resurslarga yo‘l ochib berish muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, soha rivojlanishiga katta ta'sir qiluvchi logistika ham bor. Bizning maqsadimiz - fermerlar uchun moliyaviy resurslarga ega bo‘lish yo‘llarini ko‘paytirishdir va yengillashtirishdir.

— O‘z tashrifingiz davomida Xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universiteti talabalari bilan uchrashdingiz, ma'ruza o‘qidingiz. O‘zbekiston yoshlarining salohiyatini, ularning mamlakatni modernizatsiya qilishdagi rolini qanday baholaysiz?

— Biz u yoki bu mamlakatni nimalar boy qilishini tahlil qilib chiqdik. Bu boylikning asosiy qismini inson kapitali egallab turadi. Inson kapitaliga bo‘lgan investitsiya mamlakat taraqqiyotining muhim negizini tashkil qiladi. O‘zbekiston esa inson kapitali bo‘yicha katta resurslarga ega. O‘z ma'ruzamda mana shu jihatlarni aytib o‘tganman. O‘zbekiston yosh davlat, bu yerda mehnat bozori to‘yingan. O‘zbekiston yoshlari esa rivojlanish dvigateli, taraqqiyot lokomotivi  bo‘lib xizmat qilishga qodir. Bunga ishonchim komil.

Ko‘proq yangiliklar: