Toshkentda metallni qayta ishlashga mo‘ljallangan yuqori texnologiyali zavod ishga tushirildi

O‘zbekiston 17:45 / 13.07.2018 9902

Bugun, 12 iyul kuni Toshkentda metallni qayta ishlashga mo‘ljallangan yuqori texnologiyali «Metal Processing» qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Bu haqda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur zavodda to‘qimachilik uskunalari uchun detallar hamda avtomobilsozlik sohasida foydalaniladigan ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Qo‘shma korxona Shveytsariyaning «Rieter AG» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Loyiha ijrosi uchun qariyb 4 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingan.

Yiliga 760 tonna metallni qayta ishlab chiqarish quvvatiga ega zavodda 60ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bu yerda qalinligi 1 millimetrdan 12 millimetrgacha bo‘lgan po‘lat listlar qayta ishlanib, to‘qimachilik uskunalari uchun import o‘rnini bosuvchi detallar tayyorlanadi.

Yil oxiriga qadar birinchi navbatda «Riter-O‘zbekiston» korxonasiga 755ta turli detallar yetkazib berish rejalashtirilgan.

Xabarga ko‘ra, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda zamonaviy metallni qayta ishlash sanoatida ulkan qadam bo‘ldi.

Loyiha avvalo ichki bozor ehtiyojini qondirishga mo‘ljallangan bo‘lib, 2020 yildan eksportni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda.

Ma'lumot uchun, Shveytsariyaning «Riter AG» kompaniyasi 1795 yilda tashkil etilgan bo‘lib, texnologik ishlanmalar va kompleks to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqarishda jahonda yetakchi hisoblanadi. Kompaniyaning zavodlari Shveytsariya, Germaniya, Hindiston va Xitoyda joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: