Murojaat izidan: Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasasi rahbariga nisbatan qat'iy chora ko‘rdi

O‘zbekiston 18:00 / 13.07.2018 10855

O‘zbekistonda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan har bir masalaga chuqur yondashib, hal etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim bugun tibbiyot sohasida ham  o‘z ifodasini topmoqda. 

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir guruh fuqarolar yo‘llagan murojaatlardan so‘ng, Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza byurosida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlikning Yuridik bo‘limi tomonidan Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza byurosi faoliyati o‘rganilganda, haqiqatan ham, qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida tan olinmagan diplom bilan shaxslarni davlat sud eksperti sifatida ishga qabul qilish holati, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning noto‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishi, eng achinarlisi, umuman foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan tibbiy vositalardan foydalangan holda ekspertiza o‘tkazish va xulosa tuzish kabi bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza byurosi boshlig‘i M.Xaydarov belgilangan tartibda egallab turgan lavozimidan ozod etildi, to‘plangan materiallar esa aybdor shaxslarning javobgarligini hal etish uchun prokuratura idoralariga yuborildi.

Ko‘proq yangiliklar: