Qay darajada shikastlangan pullar muomalaga yaroqli hisoblanadi?

O‘zbekiston 18:43 / 13.07.2018 15594

Qonun hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish va bunda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Adliya axboroti» nomli brifing har hafta tashkil etilib kelinmoqda.

Shunga ko‘ra, ushbu hafta davomida qabul qilingan bir qator muhim masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari haqida aholiga ma'lumot berish maqsadida 2018 yilning 13 iyul kuni «Adliya axboroti» nomli brifing o‘tkazildi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berishicha, brifingda 2018 yil 9 iyulida Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi Qonun, «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi 3836-son «O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi»gi qaror kabi qator qonun hujjatlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Brifingdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumani Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish qonunchiligi mavzusiga bag‘ishlandi. Unda ushbu masala yuzasidan Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti vakillari katnashdi.

Ta'kidlanishicha, tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomda shikastlangan chet el valyutasini muomalaga yaroqli deb topish asoslari ham ko‘rsatilgan.

Xususan, quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi:

  •  tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  •  enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  •  qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm.dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
  •  mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan oshmagan bo‘lishi lozim) bo‘lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy himoya belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotada diametri 1 millimetrdan oshmagan va ikkitadan ko‘p bo‘lmagan teshiklar bo‘lsa.

So‘zga chiquvchilarning bildirishicha, tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotlarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tadbirda ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javoblar olishdi.

Yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlarining to‘liq matni bilan, Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi – www.lex.uz sayti orqali hamda «O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami» rasmiy nashri orqali tanishish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: