Uchquduqda ashaddiy jinoyatchiga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat 23:14 / 12.07.2018 24056

2018 yilning aprel oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyatining Uchquduq tuman sudida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud J.Karimov raisligida o‘tkazildi. Sudlanuvchi Qarshiyev Jamshid Astanaqulovichga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, sudlanuvchi J.Qarshiyev  2018 yilning fevral oyi davomida bir qancha jinoyatlarga qo‘l urgan. Yo‘l kira haqini bermay janjal chiqarib, taksi haydovchisi A.Raxmonovga “Sog‘likning buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati” yetkazgan. Shuningdek, tanishi Uchquduq tumani “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘ini, 330-uyda yashovchi Norov Abbos Shukurillayevichning yashash hovlisiga birga spirtli ichimlik iste'mol qilish maqsadida borib, xonadonda A.Norovni uxlab yotganligini ko‘rib, uning xonasiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonada bo‘lgan bozor narxi 600.000 so‘mlik “Samsung J-1” rusumli telefonini yashirin ravishda o‘g‘irlagan. Bundan tashqari,  A.Norovga tegishli “Neksiya” rusumli 80 R 454 NA davlat belgili avtomashinasini olib qochib, avtomashinadagi jami 670.000 so‘m naqd pullarni yashirin ravishda talon-taroj qilgan.

Sud ayblanuvchi J.Qarshiyevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) va 267-moddasi 1-qismida (transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli, deb topildi. Shuningdek, JKning 59-moddasiga (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) asosan, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shishlik yo‘li bilan o‘tashlik uchun qat'iy 4 (to‘rt) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi tomonlar hukm e'lon kilingan kundan, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar esa hukm nusxasini olgan kundan boshlab o‘n sutka muddat ichida shu sud orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudiga apellyatsiya tartibida, hukm qonuniy kuchga kirgach kassatsiya tartibida shikoyat yoki protest keltirish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.

Ko‘proq yangiliklar: