Oliy Majlis deputatlari talabalar to‘lov-kontrakt summasini pasaytirish g‘oyasini o‘rtaga tashlashdi

O‘zbekiston 10:39 / 12.07.2018 49686

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP fraksiyasi a'zolari Abdurashid Abduqodirov, Rasul Kusherbayev oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt summasini pasaytirish g‘oyasini ilgari surishmoqda. Deputatlarning bayonoti Rasul Kusherbayevning Feysbukdagi sahifasida e'lon qilingan.

«To‘lov-kontrakt miqdorining oshirilganligi to‘g‘ri(mi)?» deb sarlavha qo‘yilgan mulohazada quyidagicha fikrlar bildirilgan:

Yillar davomida har yili oshirib kelinayotgan oliy ta'lim muassasalarida o‘qish uchun kontrakt to‘lov miqdori 2017/2018 o‘quv yilida oshirilmaganligi barcha to‘lov kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar va ularning ota-onalari uchun katta yordam bo‘lgan edi. Biroq har yili ish haqi va stipendiyalarning ortib borishini inobatga olganda, bunday holatning har yili davom etmasligi kunday ravshan edi.

Chunki daromadlarning o‘zgarmagani holda xarajatlarning doimiy ravishda ortib borishi bozor iqtisodiyoti sharoitida uzoq davom etmaydi. Umuman aytganda, to‘lov-kontrakt miqdorlarining hozir e'lon qilinganidan ham ko‘ra ancha yuqori foizlarga orttirilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni ilgariroq eshitgandik. Shuning uchun, o‘quvchilar judayam qizg‘in kutib olgan, internet saytlari hamda gazetalarda e'lon qilingan to‘lov kontrakt miqdorlarini kamaytirish haqidagi takliflar yuqori tashkilotlarga yuborilgan edi. Biroq, ming afsuski, ushbu takliflarga tegishli mutasaddilar tomonidan hozirgacha hech qanday munosabat yoki javob berilgani yo‘q.

Mazkur taklif xarajatlarni kamaytirish, talabaning qo‘lga kiritilgan baliga qarab tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash hamda tayinlangan stipendiya miqdori hisobidan chegirma belgilash orqali to‘lov-kontrakt miqdorlarining kamaytirish va to‘lashda qulaylik yaratishdan iborat edi.

Bildirilayotgan bu taklif to‘lov kontrakt miqdorining hozirgi oshirilgan sharoitida ham talaba va ularning ota-onalari uchun anchagina qulayliklar yaratar edi.

Takliflarni asoslashga o‘tsak.

Ma'lumki, 2018/2019 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 69200 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha – 17654 nafar va to‘lov-kontrakt asosida – 51546 nafarni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, 17654 nafar talaba davlat byudjyeti asosida ta'lim oladigan bo‘lsa, ulardan atigi bir necha ball kamroq ball olgan talabalar esa to‘rt yil davomida kontrakt to‘lashi shart. Ustiga ustak, to‘lov-kontrakt miqdorining har yili oshirib borilishini ham unutmaslik kerak. Bundan tashqari, talaba yoki uning ota-onasi tomonidan 6 oy oldin to‘langan to‘lov-kontrakt miqdori hisobidan har oy, jumladan, ta'til oylariga ham stipendiya to‘lanib kelinmoqda.

Agar ilgari surilayotgan taklif inobatga olinib, amaliyotga joriy etilsa nima o‘zgaradi? Buni bakalavrlar misolida tushuntiramiz.

Birinchidan, hozirgi holatda jami 69200 nafar bakalavrdan 17654 nafari to‘liq davlat byudjyeti, qolgan 51546 nafari esa to‘liq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi va davlatga 51546 shartli birlikdagi to‘lov-kontrakt miqdoridagi mablag‘ kelib tushadi.

Taklifga ko‘ra esa, jami 69200 nafar bakalavrning eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan birinchi 12 foizi yoki 8304 nafari to‘liq davlat byudjyeti asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 45 foizli to‘lov kontrakt asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 60 foizli to‘lov kontrakt asosida, keyingi 12 foizi yoki yana 8304 nafari 85 foizli to‘lov kontrakt asosida, qolgan 52 foiz yoki 35984 nafari esa to‘liq (100 foizli) to‘lov konrakt asosida ta'lim olishadi. Natijada, o‘n mingga yaqin talabaga kontrakt to‘lovini to‘lashda ikki barobargacha yengillik yaratiladi, qo‘lga kiritilgan ballga nisbatan rag‘batlantirish kuchayadi va nihoyat moliyachilar uchun eng muhim bo‘lgani, amaldagidan 215 shartli birlikka (taxminan 1,8 mlrd. so‘mga) ko‘proq, ya'ni jami 51761,6 shartli birlikdagi to‘lov-kontrakt miqdoridagi mablag‘ kelib tushadi. Shu orqali ortiqcha tushgan mablag‘ evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam tashkil etish ham mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, amaldagi tartibga ko‘ra 6 oy avval to‘langan to‘lov kontrakt hisobidan talabaga stipendiya to‘lab kelinadi. Bunda, agar to‘lov kontrakt miqdori to‘liq to‘lanmagan bo‘lsa, talabaga bir necha oylar davomida ham stipendiya to‘lanmay turiladi. Bunday tartibning mavjudligi, stipendiyaning talabaga ijtimoiy himoyasi uchun berilayotganini da'vo qiluvchilarning da'vosiga mutlaqo mos kelmaydi.

Shuning uchun, talabaga talaba yoki uning ota-onasi tomonidan to‘langan to‘lov-kontrakt mablag‘i hisobidan semestr yakuniga ko‘ra 12 oy davomida stipendiya to‘lab kelinayotganligidan kelib chiqib, talaba yoki uning ota-onasining xohishiga ko‘ra ta'til oylaridagi to‘liq stipendiyasi hisobidan, qolgan oylardagi stipendiyaning eng kam oylik ish haqi miqdoridan ortiqcha qismi hisobidan to‘lov-kontrakt miqdoridan chegirib tashlashni joriy etish taklif etilgan edi.

Buning natijasida, talabaning o‘qish davridagi ijtimoiy himoyasi eng kam oylik ish haqi miqdori hisobidan ta'minlangani holda, bir o‘quv yili bo‘yicha 1,7 million so‘mdan 5,3 million so‘mgacha kamroq to‘lashi mumkin bo‘ladi. Bunda davlat byudjyetiga hech qanday zarar keltirilmaydi. Yana ham soddaroq aytganda, talaba bermaydi ham olmaydi ham.

Ana endi aytingchi, yuqoridagi taklifning davlat byudjyetiga qanday zarari bor? Aksincha, davlat byudjyetiga 1,8 milliard so‘mga yaqin ko‘proq mablag‘ tushadi-ku?!

Shuni ham e'tirof etish adolatdan bo‘lar ediki, ba'zilar tomonidan Germaniya, Yaponiya kabi davlatlardagi tartib bilan mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalaridagi kontrakt to‘lov miqdorlarini solishtirish orqali bir tomonlama munosabat bildirish holatlari uchramoqda. Germaniyada oliy ta'lim olish bepul yoki Yaponiyadagi to‘lov-kontrakt miqdorining o‘rtacha oylik ish haqi miqdoriga yaqin bo‘lgani bilan, ulardagi talabalarga stipendiya deyarli to‘lanmaydi. Bir o‘quv yili davomida mamlakatimizdagi bir nafar talabaga u to‘lagan to‘lov kontrakt miqdoridan 3,5-7 million so‘mgachasi yana o‘ziga stipendiya sifatida to‘lanayotganligini inobatga olish zarur. Agar bizda ham, hech bir talabaga stipendiya umuman to‘lanmaydigan bo‘lsa, to‘lov-kontrakt miqdori 1,5-2 million so‘mdan ortmagan bo‘lar edi hamda bu miqdor bizdagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan ham katta farq qilmas edi. Yana shuni ham inobatga olish kerakki, har yili to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlarning 90–95 foizi o‘qishni davom ettiradilar hamda bir o‘quv yili davomida 0,5 foizgacha talabalar to‘lov-kontrakt mablag‘ini to‘lay olmaganligi uchun talabalar safidan chetlashtiriladi. Albatta bunda, minglab yoshlarning taqdiri turganligini ham unutmaslik zarur.

Xulosa o‘rnida, belgilangan xarajatlarga nisbatan daromadlarning mutanosibligini saqlash zaruriyatidan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt miqdorlarining oshirib borilishini tushunish mumkin. Biroq, amaldagi tartiblarning o‘rniga adolat prinsiplariga, talabalarning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan hamda ota-onalar uchun qulayliklar yaratadigan yangicha tartiblarni joriy etish bo‘yicha yuborilgan asoslantirilgan takliflar yuzasidan hech bir mutasaddi tomonidan hech qanday munosabat bildirilmayotganligini qanday tushunish mumkin?

Abdurashid Abduqodirov, Rasul Kusherbayev,
Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

Ko‘proq yangiliklar: