Xalq ta'limi vazirligi xususiy maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Jamiyat 23:39 / 12.07.2018 10654

Joriy yilning 11 iyul kuni Xalq ta'limi vazirligida xususiy maktablarning mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xususiy maktablarni rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi. Xususan, dividendlar olish imkoniyati yo‘qligi, soliq imtiyozlari mavjud emasligi, o‘quv korpuslari va binolarni ijaraga olish, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar sabab xususiy maktablar maktab bitiruvchilariga attectat bera olmasligi kabi muammoli holatlarga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning malaka oshirish institutlarida malaka oshirishi masalasi muhokama qilindi.

O‘z navbatida, Xalq ta'limi vaziri nodavlat ta'lim muassasalarini rivojlantirishda, jumladan, davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, mavjud quvvatidan o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablarda davlat-xususiy hamkorligini yo‘lga qo‘yib, xususiy investorlar tomonidan maktabda mavjud o‘quvchilarga bepul ta'lim berish javobgarligini olishi kabi xorijiy davlatlarda mavjud tajriba qayd etildi. Shundagina, xususiy investor bino quvvatidan yanada samarali foydalanish uchun investitsiya kirita oladi, mazkur mikrohududdagi o‘quvchilar, ayniqsa, kam ta'minlangan oila farzandlari avval imkoniyatlari yetmagan sifatli ta'limni ortiqcha xarajatlarsiz olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Vazir bunday yondashuv byudjyet mablag‘larining bir qismini ozod qilib, ularni boshqa davlat ta'lim muassasalarini, shu jumladan, chekka tumanlardagi maktablar va maktab filiallarini takomillashtirishga yo‘naltirish imkonini berishini ta'kidlab o‘tdi. Yig‘ilishda, shuningdek, malaka oshirish markazlarini davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Taraflar bugungi kunda o‘quv-metodik jarayonini rivojlantirish, davlat ta'lim standartlari, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni yaratishdagi bo‘shliqlarni alohida qayd etdi.

Ko‘proq yangiliklar: