Chempion hikoyalari. Viktor Lindelof: finaldan boshlangan hayot

Sport 15:56 / 12.07.2018 10068

Onam mening tug‘ilgan kunimdagi voqeani hikoya qilib berishni yaxshi ko‘radi.  Chunki aynan o‘sha kuni u mening futbolchi bo‘lishimni aniq bilgan ekan.

Qiziq. 

Voqea bunday bo‘lgan. Onam tug‘ruqxonada ekanida yonida turgan otam negadir o‘zini juda boshqacha, nimadandir xavotir olgandek tutgan ekan. Axir birozdan keyin farzandli bo‘lasan, balki shundandir, to‘g‘rimi? Albatta, men dunyoga kelganimda otam o‘zida yo‘q quvongan ekan. Lekin dastlabki savoli qiziq bo‘lgan:

- Xo‘p, hammasi yaxshi. Endi, bu yerda televizor topsa bo‘larmikin? Qaysi xonada borikin?
Tabiiyki, onam gap nimada ekanini tushungan. Nahotki shu darajada bo‘lsa?
«Bilaman, bilaman» – deydi otam, - «lekin penaltilar seriyasi boshlanibdi-da».

1994 yilning 17 iyul kun. Shvetsiyada hozirgina Viktor Lindelof tug‘ildi. Pasedenda esa, Italiya jahon chempionati finalida Braziliya bilan o‘ynayotgandi. 

Balki mana shunday pallani poylab tug‘ilganim uchun oyim men futbolchi bo‘lishimni bashorat qilgandir? Bilasizmi, oradan bir necha yil o‘tib, men ham jahon chempionati finalida o‘ynadim – FIFA qanaqadir sabab bilan finalni men tug‘ilib o‘sgan Vesterosda o‘tkazishga qaror qilgan edi. Stadion biroz notekis, darvoza o‘rnini esa, ikki garaj eshigi bajarar edi. 65 mingga yaqin muxlis o‘yinni kuzatib turardi. Yo shunaqa tuyuldimikin...  Futbolni sharhlab o‘ynashni yaxshi ko‘rardik. 

«To‘p endi Lindelofga keldi. U bir futbolchini aldab o‘tdi, endi ikkinchisini... Yana Lindelof! Zarba!!! Goooool!!! Shvetsiya oldinda – 1:0!!”
Men esa, o‘zimni maydon chetiga otaman, sheriklarim orqamdan yetib kelishadi. Shvetsiya – jahon chempioni! Endi muxlislarning olqishlari ostida qolganimda, tanish ovozni eshitaman:

«Viktooor! Viktoooor?»

O‘sha, oyimning ovozi. «Tushlik vaqti bo‘ldi, kelaqol o‘g‘lim»

Jin ursin...

Ikki akam bilan uyga qaytamiz. Biz to‘rt aka-ukamiz, lekin uchtamizning yoshimiz yaqin bo‘lgani uchun doim birga o‘ynaymiz. Otam ham doim biz bilan, ammo haqiqatan biz ko‘proq onamning tarbiyasini olganmiz. Hozir gapirsam, «onasining o‘g‘li» deb kulishlaring mumkin, lekin rostan ham, agar u bo‘lmaganda, men hech qachon futbolchi bo‘lolmasdim. Umuman. 

Besh yoshimdan u mening o‘ylarimni futbol bilan bog‘lagan va mana shunday orzulari osmon bolaga aylantirgan. Mahallada jahon chempionati finalini tasavvur qila oladigan bolakay. Dastlab, darvozabon formasi va qo‘lqoplarini olib keldi, adashmasam Fabiyen Bartezniki edi. Birdaniga Bartez bo‘lgim kelib qoldi. Ko‘chaga chiqqanimda, loyga chaplanib bo‘lsa-da, o‘zimni to‘pga otar va qahramonlarcha seyvlar qilardim.

«Oooh, Viktor Lindelof jamoani goldan saqlab qoldi, olqishlar!»

Keyin onam menga Zidanning formasini olib berganida, Zizuga aylandim. Maydonchada turli fintlarni amalga oshirar, aylanib gollarni nishonlardim.

«Ajoyib! Lindelof nimalar qilib yuboryapti. Ko‘rdinglarmi?!»

Mana shu tasavvurlarim keyinchalik orzuga aylandi. Odamlar katta bo‘lganimda kim bo‘lishimni so‘raganlarida, o‘ylab o‘tirmasdim - «men futbolchi bo‘laman». Hech kim bu gaplarimni jiddiy olmasdi. «Oo, qanday yaxshi. Lekin bu jiddiy kasb emas, to‘g‘rimi?»

Vesterosda bolalar klubida o‘ynab yurganimda, onam meni mashg‘ulotlarga olib borardi. Menimcha, sal iqtidorliroq bo‘lganman, shuning uchun kattaroq guruhga qo‘shib qo‘yishgandi. Jismoniy tarafdan kattaroq bo‘lgan bolalar bilan o‘ynash qiyin edi, lekin bu menga foyda bergan. Ular bilan shug‘ullanib, men ham jismoniy tarafdan juda tez o‘sgan edim. Reja bo‘yicha Shvetsiyaning kattaroq biror klubiga o‘tishni niyat qilib yurdim. Kutilmaganda, agentimga «Benfika»dan qo‘ng‘iroq qilishdi. 

Ochig‘ini aytganda, bu chaqiruv men uchun shok edi. Men endigina 17 yoshdaman, uyda yashayman, maktabga boraman. Bu taklifni qabul qilish kerakmi yo kerakmasmi, bilmasdim ham, shuning uchun akam va onam bilan foydali va zararli tomonlarini o‘lchay boshladik. 

Plyus tomoni, «Benfika» – Portugaliyaning eng katta klublaridan biri. Men u yerda zo‘r futbolchi va murabbiylar bilan birga shug‘ullanaman, birinchi jamoaga ham asta-sekin o‘tib olishim mumkin. 

Minus tarafi, Lissabonga ko‘chib ketishga to‘g‘ri keladi. Yakka o‘zim. Hech kimni tanimayman, ularning tilini ham bilmayman. 

O‘ylanib qoldim. Onam mendan so‘radi: «Tezda javob ber, agar rozi bo‘lmasang, afsus qilasanmi?»

«Ha» – xayolimga kelgan birinchi javob shu bo‘ldi. Hammasini tushundim. Bir soat o‘tib agentimga qo‘ng‘iroq qildim, bir haftadan keyin Lissabonga jo‘nadim.

Onam ham men bilan birga keldi, chunki shartnomalarga imzo chekish uchun yoshlik qilardim. Biz Lissabonni birga aylandik, bu yer yangi uyim ekanini his qilishga urindim. Nazarimda, onam ancha xotirjam ko‘rinayotgandi, ammo ertalabga borib yig‘lab yubordi. U men bilan faxrlanayotgandi albatta, shu bilan bir o‘zimni qo‘yib yuborishdan xavotir ola boshlagandi. Lekin endi kech edi. Baribir, o‘shanda Vesterosga qaytdim, olti oy yana eski jamoamda o‘ynadim, 2012 yilning yozida esa, endi butunlayga Lissabonga ko‘chib o‘tdim. 

Samolyot oynasidan tashqariga boqar ekanman, nima desam ekan, yo‘q deganda o‘zimga ishonardim. Oldimda o‘zim orzu qilgan hayot kutib turibdi, shunday emasmi? Estádio da Luz maydonida yugurib yurishimga ko‘p vaqt qolmadi, axir bu o‘zimning A rejamku! B rejaga kelsak, to‘g‘risini aytganda, boshqa rejam ham yo‘q edi.

Yetib borgach, klub vakili meni kutib olib, «Benfika» bazasiga olib bordi. Ertasiga biroz hayajonda uyg‘ondim, «skayp» orqali onamga telefon qildim. Hali kelganimga 24 soat bo‘lmagandi, lekin pushaymon bo‘lib ulgurgandim. 

«Men uyga qaytishni xohlayman, oyi, nima qilay?»

Onalar mana shunday holatlar uchun kerak, to‘g‘rimi? Bilmayman, qanday qilib, lekin u meni xotirjam qila oldi. Aminmanki, o‘sha holatimda meni yupata oladigan dunyodagi yagona inson ham u edi. U menga avvaliga biroz qiyin bo‘lishini, ammo keyin hammasi yaxshi bo‘lishini aytib, ishontirdi. 

U haq edi. Rostan ham dastlabki olti oy juda qiyin o‘tdi. Oilamsiz, do‘stlarimsiz qolgandim. Eng yomoni, bu yerning tilini bilmayman va birorta do‘stim ham yo‘q. Bo‘sh vaqtlarimda qiladigan ishim onamga qo‘ng‘iroq qilish bilan serial ko‘rish edi. Lissabondagi eng yaqin do‘stim Vinsent Cheyz («Entourage» serialidagi bosh rolni ijro etgan aktyor) bo‘lib qolgandi. 

Yaxshiyamki, men yaxshi o‘qiganman. Portugal tilini o‘rgana boshladim. Ba'zi so‘zlarni o‘rganib, jamoadoshlarim bilan yaqinlasha boshladim, ba'zilari bilan juda yaqin do‘st (uzr, Vinsent) bo‘lib ketdik. Va bir kuni, mashg‘ulot paytida, kichik maydonchada futbol o‘ynar ekanmiz, o‘zimni juda yaxshi his qildim, maydonda eng yaxshi o‘yinchi bo‘layotgandim. Hech narsani o‘ylamay, shunchaki futbol o‘ynar, o‘ylagan ishlarimni osonlik bilan amalga oshirayotgandim. O‘zimni Vesterosda o‘ynayotgandek his qila boshladim – aynan o‘sha kuni angladimki, ana endi bu yer mening uyimga aylangandi, ana endi hammasi yaxshi bo‘ladi.  

Tez kunlarda Portugaliyaning ikkinchi divizionida o‘ynaydigan «Benfika B» klubida bir qator o‘yinlarda o‘zimni ko‘rsatdim. 2013 yilning oktabrida, 19 yoshimda esa, kubok o‘yinida asosiy jamoada debyut qildim. 

Estádio da Luz stadionidagi ilk o‘yin ham uzoq kuttirmadi. Tasavvur qilyapsizmi, minglab muxlislar qarshisida stadionga chiqib keldim, ular bor ovoz bilan kuylashardi. 65 ming muxlis. «Ha buni men boshdan kechirganman. Tanish manzara. Ha, esladim, Vesterosdagi jahon chempionati finalida!..»
Bu safar meni hech kim tushlikka chaqirib «uyg‘otmadi». Bu safar hammasi haqiqiy edi. Keyinroq, yana bir orzuim amalga oshdi. 

2015 yilda Shvetsiya yoshlar terma jamoasi Chexiyada o‘tgan jahon chempionatida qatnashadigan bo‘ldi. O‘z mamlakatim libosida bu turnirda ishtirok etish ajoyib bo‘lardi. Ammo tarkib e'lon qilinganda, xafa bo‘ldim – u yerda mening nomim chiqmagandi. 

O‘sha kungi holatimni tushuntirib berolmayman. Balki murabbiylar bilishmas, ammo Portugaliya ikkinchi divizioni juda kuchli. Ular asosan shved klublaridagi yoshlarni yig‘ishtirib olishgandi. Men ularning qarorini hurmat qilardim, shu bilan birgalikda, jahlim ham chiqqandi. Oradan ko‘p o‘tmay, men hammasini unutish uchun ta'tilga chiqib ketganimda murabbiy Hoqon Erikson qo‘ng‘iroq qildi. 

«Viktor, oxiri biz seni chaqirishga qaror qildik. Nima deysan?»

«Hmm.. xo‘p»

Italiyaga qarshi ilk o‘yinda asosiy tarkibda tushmadim. Yo‘q, o‘ynay olardim, lekin jamoaga endigina kelib qo‘shilgandim-da.  Lekin himoyachi Aleksandr Miloshevich jarohat olgach, o‘rniga meni chiqarishdi. Biz o‘sha o‘yinda g‘alaba qozondik va keyingi har bir o‘yinda to‘liq harakat qildim. Finalgacha yetib bordik. 

U yerda raqib kim edi deb o‘ylaysiz? Albatta, Portugaliya. Bu men uchun alohida ahamiyat kasb etardi, lekin albatta, Shvetsiya uchun ham muhim o‘yin – final edi. Biz o‘yinda favorit emasdik, ammo bizning ustunligimiz jangovor ruhiyatimizda edi. Eplab, penaltilar seriyasigacha o‘yinni olib bordik. 

Hushtak chalingach, jamoadoshlarimning yuzlariga qaraboq, biz seriyada g‘alaba qozonishimizni fahmlab bo‘lgandim. Hammamiz qandaydir xotirjam edik. Biz birinchi golni urdik. Ular tenglashtirishdi. Keyin biz yana urdik. Xullas, oxirgi zarbani men berdim. Hayajon bosdi. To‘pga yaqinlashar ekanman, raqib jamoasidan birining sherigiga «u ura olmaydi» degani qulog‘imga chalindi. Bu menga ijobiy ta'sir qildi, darvoza markaziga zarba berib, gol urdim. Portugaliya esa, so‘nggi zarbasini ura olmadi. Biz Chempion! Shvetsiya – Chempion!

Bunga ishonib bo‘lmaydi. 

Oradan olti oy o‘tib, «Benfika»ning asosiy tarkibida o‘ynay boshladim. Keyingi bir yarim yilda ikki marta chempion bo‘ldik, ikki marta kubokni yutib oldik. Yana nima kerak menga? Ha, aytgancha, terma jamoadan ham chaqiruv oldim. 

2016 yilning boshida, Shvetsiya terma jamoasidan qo‘ng‘iroq qilishganida, butun yoshligim ko‘z oldimda turardi. Endi tasavvurimda emas, rostan ham Shvetsiya terma jamoasi libosida to‘p suraman. Onamga bu haqida aytganimda, u yig‘lab yubordi.

Turkiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidagi debyut o‘yinimni so‘z bilan ifoda qilib bera olmayman. Sariq libosda Shvetsiya madhiyasini aytib turish... Etlarim jimirlashi uzoq vaqtgacha tinmadi. Bunday tuyg‘udan faqat bir narsa ustun bo‘lishi mumkin – xuddi shu voqeani jahon chempionatida boshdan kechirish...
Shvetsiya 2006 yildan beri mundialda ishtirok etmayotgandi. Tabiiyki, pley-offda Italiyaga tushganimizda hech kim bizga ishonmagandi. Ammo biz o‘zimizga ishondik. Biz bir jamoa ekanimizga, har qanday vazifani bajarish mumkinligiga amin edik. Agar biz o‘z ishimizni to‘g‘ri amalga oshirsak, maydonda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlasak, aka-ukalardek jang qilsak, hammasi yaxshi bo‘ladi. 

Ishonmasalaring, italiyalik futbolchilardan so‘rab ko‘ringlar, ularni 1:0 hisobida yutishimizda iqtidorimiz emas, ruhiyatimiz hal qiluvchi rolni o‘ynagandi.   

Shu orada men «Benfika»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tdim. Men, 23 yoshimda, dunyodagi eng katta klub a'zosiga aylangandim. Men endi Joze Mourino bilan birga ishlayapman. Shvetsiya terma jamoasi bilan birgalikda jahon chempionatidaman. 

Ba'zida kulgili tuyuladi, ko‘pchilik men o‘ttiz yoshli futbolchiga o‘xshab o‘ynashimni aytishadi. Menimcha, ular haq,  qarshimdagi to‘siqlarni yengib o‘tish va bugungi kunga yetib kelishim uchun tez ulg‘ayishga to‘g‘ri kelgan. Atigi o‘n yil oldin atrofimdagilarga kelajakda professional futbolchi bo‘lishimni aytganimda, hech kim ishonmasdi. 

Onamdan tashqari albatta. U buni aniq bilardi. 

Viktor Lindelof

ThePlayersTribune materiali asosida Qahramon Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: