Asossiz ayblov sudda o‘z isbotini topmadi va er-xotinlar oqlandi

Jamiyat 17:20 / 12.07.2018 14494

Xalqimiz o‘t balosidan, suv balosidan va tuhmatdan asrasin deb bejizga aytmagan. Chunki asossiz bo‘hton, malomat kishini ko‘pincha boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi. Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida yashaydigan er-xotin Baxtiyor Rajabov va Sayyora Oblayevalar hayotida ham, taassufki, shunday ko‘ngilsiz voqea ro‘y berdi. Ular tovlamachi, degan ayblov bilan jazoga tortilishiga bir bahya qoldi.

Xo‘sh, aslida qanday voqea ro‘y bergandi? Er-xotin nega ko‘r-ko‘rona tuhmatchiga chiqarildi?

Baxtiyor Rajabov turmush o‘rtog‘i Sayyora Oblayeva bilan birga uzoq yillardan buyon Muborak gazni qayta ishlash zavodi mas'uliyati cheklangan jamiyatida fao­liyat­ yuritib kelishadi. Bundan olti yil muqaddam, aniqrog‘i, 2012 yil 28 de­kabr­da ular “Ulkan inshoot qurilish servis” mas'uliyati cheklangan jamiya­ti quruvchilari tomonidan qurib topshirilgan, barcha qu­laylik­larga ega besh xonali namunali uy-joyga ko‘­chib kirishganda, quvonchdan boshlari osmonga yetgandi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, kutilmaganda ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Nega de­­gan­da, yangi uy o‘ta sifatsiz qu­rilgan, qisqa muddatda xonalarining devori darz keta boshladi.

Eng yomoni, kundan-kunga xona devorlaridagi yoriqlar kengayib, bu uyda yashash xavf­li bo‘lib qoldi.

Tabiiyki, uydagi bu noxush ahvolni ko‘rib, oila boshlig‘i B. Rajabov “Ulkan inshoot qurilish servis” mas'u­liya­ti cheklangan jamiyati rahbari B. Sharipovga murojaat qiladi. Shundan so‘ng B. Sharipov va boshqa mutasaddi xodimlar mutaxassislar ishtirokida uyning ayni damdagi holatini o‘rganib chiqishadi.

Tekshiruv asnosida uyning poydevori talab darajasida quyilmagani bois bino devorlari darz ketgani aniqlanadi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.

Oradan ikki kun o‘tgach, korxona rahbari B. Sharipov xonadon egasi B. Rajabov bilan o‘zaro kelishgan holda, uyni qayta ta'mirlash uchun qurilish materiallari bilan ta'minlash, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida ayni paytda korxonada ish boshqaruvchi lavozimida ishlayotgan J. Halimovni B. Rajabovnikiga jo‘­natadi.

Xullas, J. Halimov rahbar B. Sharipovning “maslahat”iga ko‘ra, uyni qayta ta'mirlash uchun B. Rajabovga 80 million so‘m mablag‘ beradigan, ta'mirlash ishlarini esa, xonadon egasining o‘zi amalga oshirishga kelishishadi.

Biroq mas'uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari lafzsizlik qilishadi, ya'ni va'da qilingan mablag‘ni berishni paysalga solishadi. Bu orada B. Rajabov oila a'­zolari bilan boshqa joyga ko‘­chib o‘tishga majbur bo‘ladi. Ko‘chish asnosida esa, er-xotin “108 X 43 LG” rusumli rangli televizorni sindirib qo‘yishadi. Boshi tashvishdan chiqmay qolgan B. Rajabov va uning umr yo‘ldoshiga bu holat qattiq ta'sir qiladi. Ular ko‘­mak so‘rab bir qator idoralarga murojaat qilishadi.

Bu yog‘ini so‘rasangiz, “Ulkan inshoot qurilish servis” MChJ rahbari Sh. Sharipov va ish yurituvchi J. Halimov esa, muammoni hal etish o‘rniga tamomila boshqacha yo‘lni tutishadi. Ya'ni, ular uyalmay-netmay “B. Rajabov va uning turmush o‘rtog‘i uy-joy topshirilgan paytda topshirish va qabul qilish tartib-qoidalariga binoan rasman “Uyning qurilish sifatiga hech qanday e'­tirozimiz yo‘q, deb tilxat yozib bergan bo‘lsalar-da, oradan shuncha payt o‘tib, uyining darz ketganligini bahona qilib, tovlamachilik va qo‘rqitish yo‘li bilan bizdan 80 million so‘m mablag‘ hamda singan televizorning o‘rniga yangi televizor olib berishimizni talab qilyapti”, de­gan mazmunda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yoz­ma ravishda murojaat qi­lishadi.

Joylardagi hu­quq-tartibot idoralari ham voqea tafsilotiga oydinlik kiritmasdan, arizachilarning murojaatiga ko‘ra, guvohlar va xolislar ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazishadi.

Unga ko‘ra, er-xotin ularning ustidan yuqori idoralarga boshqa shikoyat qilmasliklari vajidan korxona ish yurituvchisi J. Halimov kelishilgan 80 million so‘m mablag‘dan (56 million 500 ming so‘mini keyin berish sharti bilan) 23 million 500 ming so‘m, bahosi 4 million 300 ming so‘mlik, "108x43" o‘lchamli televizor hamda "DeLTA" rusumli televizor antennasini tilxat asosida unga topshiradigan, B. Rajabov ham xuddi shu asnoda qa­bul qiladigan bo‘ladi.

Qisqasi, shu kuni er-xotin go‘yoki “jinoyat” ustida qo‘lga olinadi.

Natijada ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi "a" bandi bilan ji­noyat­ ishi qo‘z­g‘atilib, tergov harakatlari olib boriladi.

Haqiqatni yuzaga chiqaraman deya oxir-oqibat quruq tuh­matga qolgan B. Rajabovning ayni paytdagi holatini tasavvur qi­lish qiyin emas.

Biroq bu voqea tuhmat uyushtirib, aybsiz kishini ayb­­dorga chiqarishga uringan kimsalar o‘ylagandek yakun topmadi. Aniqroq aytganda, sud jarayonida haqiqatga to‘liq oydinlik kiritildi.

Shu o‘rinda tushunarli bo‘lishi uchun sud hukmidan ko‘chirma keltiramiz: "Jinoyat kodeksining 165-moddasi fabulasida tovlamachilik, ya'ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishi­la­riga zo‘rlik ishlatish, mulk­ka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, o‘zgadan mulk­ni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki va o‘z mulkiga bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Pudratchi tashkilot xodimlari B. Sharipov, J. Halimovlar sud majlisida er-xotin B. Rajabov va S. Oblayevalar ularni zo‘rlik ishlatish hamda mulkiga shikast yetkazish va nobud qilish yo‘li bilan qo‘rqitmaganliklarini bildirishdi.

Vaholanki, B. Rajabov va S. Oblayevalar o‘zlarining qonuniy huquqlarini talab qilishgan holda, pudratchi B. Sharipov tomonidan sifatsiz qurilgan mulk (uy-joy) keyinchalik vaqt o‘tishi bilan uyning poydevori va devorlarining yorilganligi bois, ular kamchilikni bartaraf qilib, o‘zlariga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to‘lashni aytishgan. Chunki sudda qurilish ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, B. Rajabovning uyi yaroqsiz, yashash uchun xavfli holatda ekanligi aniqlangan.

Shuning uchun B. Rajabov va S. Oblayevalarning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etish yo‘li bilan oqlanishi hamda ularga nisbatan jinoyat ishi tugatilishi lozim bo‘ladi".

Yuqorida guvohi bo‘lganingizdek, haq joyida qaror topdi. Er-xotinlarga nisbatan aybdor deya bosilgan tamg‘a olib tashlandi.

Bu voqea bugungi kunda sudlar har bir fuqaroning haq-huquqi va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilayotganining amaliy tasdig‘idir.

Abduqayum Mahkamov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Qashqadaryo viloyati sudi raisi

Ko‘proq yangiliklar: