«Vaqf» xayriya jamoat fondi qanday ishlaydi va vaqf nima?

O‘zbekiston 19:21 / 11.07.2018 30913

Joriy yilning 11 iyul kuni Media-markaz binosida Xalqaro Press-klubning «Vaqf: xayriya mablag‘lari boshqaruviga shaffof yondashuv» mavzusida sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shu yilning 16 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bo‘yicha tashkil etilgan «Vaqf» xayriya jamoat fondi haqida ma'lumotlar berildi.

Foto: Xalqaro Press-klub

«Vaqf» xayriya jamoat fondi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Fond 10 may kuni Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Vaqf o‘zi nima?

«Vaqf» so‘zi lug‘atlarda «tutib turish», «to‘xtatish» ma'nolarida keladi. Vaqfning shar'iy ta'rifi borasida turli fikrlar bildirilgan. «Vaqf - narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir». Ya'ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga (masalan, talabalar, musofirlar, kambag‘allar kabi) sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.

Fondning asosiy mulki vaqf mulkidan kelgan mablag‘larmi?

Fondning mablag‘lari 3 qismga bo‘linadi.

1. Xayriya bo‘limi

2. Vaqf bo‘limi

3.Zakot, ushr, fitr va fidya bo‘limi.

Bilishimiz kerakki, hozirgi kunda 3 ta bo‘limning ham banklarda alohida-alohida hisob raqamlari mavjud. Masalan, bir kishi zakot uchun fondga mablag‘ o‘tkazsa, ushbu mablag‘ zakot bo‘limiga tushadi. Shu bilan birga, shariatda aytilgan o‘rinlarga sarf qilinishi aytilmoqda. Umumiy qilib aytganda fond faqatgina vaqf mulkidan iborat emas.

Fondning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

Fondga kelib tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta'lim muassasalarining binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlar uchun sarflanadi.

Foto: Xalqaro Press-klub

Fondga mablag‘lar qay tartibda yig‘iladi?

Hozirgi vaqtda fond xayriya mablag‘larni odamlar qiyinchiliksiz o‘tkazishlari uchun elektron to‘lov tizimlariga ulanmoqda. Jumladan, Click, Payme tizimlariga ulanib bo‘lindi.

Bu degani siz plastik karta orqali istasangiz zakot, vaqf yoki xayriya mablag‘larini fondga o‘tkazishingiz mumkin. Undan tashqari O‘zbekistondagi barcha infokioskalar orqali fondga xayriya qilish imkoniyati yaratildi. Ulardan fondning istalgan bo‘limiga naqd yoki plastik karta orqali pul o‘tkazish mumkin.

Iyun oyi hisoboti

Vaqf xayriya jamoat fondi iyun oyida jami bo‘lib 231 838 600 so‘m zakot va xayriya mablag‘larini shariatda ko‘rsatilgan o‘rinlarga yetkazdi. Mablag‘lar muhtojlar, bemorlar, uysizlar, qarovchisi yo‘q yoshi ulug‘larga, ko‘zi ojizlar va nogironlar jamiyatiga naqd pul yoki plastik karta orqali berildi.

Ko‘proq yangiliklar: