Surxondaryoda jamoatchilik nazorati guruhi chorva mollari ozuqasi narxini nazorat qiladi

O‘zbekiston 22:20 / 11.07.2018 10636

«Go‘sht narxi bozorlarda qimmatlashib borayotganining asosiy sabablaridan biri – tovar xom ashyo birjasi orqali sotilayotgan omuxta yem, shrot va sheluxa mahsulotlari uddaburon olib sotar dallollar qo‘liga o‘tib ketayotganligi hamda bu chorva ozuqalari asosiy iste'molchiga yetib borguncha belgilangan narxlar (birja savdosi orqali 1 kg shrot narxi 1123 so‘m, 1 kg sheluxa narxi 556 so‘m sotilmoqda) ga nisbatan 3 barobar qimmat sotilayotgani bilan bog‘liq».

Bu fikrlar Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga tegishli. 2018 yil 9 iyul kuni viloyat hokimligida videoselektor ko‘rinishida o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida chiqish qilar ekan, viloyat hokimi yana shunday dedi:

«Endi bunday bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat «Jamoatchilik nazorati» guruhlari a'zolari birjadan bu chorva ozuqalarini kimlar sotib olyapti – asosiy iste'molchi bo‘lgan aholi yoki fermer xo‘jaliklari vakillarimi yo cho‘ntagini qappaytirish ilinjidagi «hojatbaror» dallollarmi – jamoatchilik nazoratini olib boradi».

«Bunda bizga fuqarolarimiz ham yordam berishlari kerak. Chorva ozuqalarining qora bozorda ancha qimmat narxlarda sotilayotganligiga nisbatan murosasiz bo‘lishsin. Shunday holatlarga guvoh bo‘lishsa, mening (97) 350-18-47 raqamdagi telegramm messenjerimga murojaat qilishsin. Murojaat qilganlar shaxsining sir tutilishini kafolatlagan holda, bunday noqonuniy holatlarga tezda barham berish choralarini ko‘ramiz. Chunki, xalq nazorati — haq nazorat!» — dedi viloyat hokimi.

«Ishoning, Surxondaryoni hali biz oddiy odamlar rozi bo‘lib yashaydigan viloyatga aylantiramiz. Yana bir bor aytaman, buning uchun ular biz bilan birga ishlashlari, bizga yordam berishlari kerak!» — dedi E.Turdimov fikri so‘ngida.

Ko‘proq yangiliklar: