Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarga xalqaro yarmarkalarda ishtirok etishda qanday ko‘mak bermoqda?

O‘zbekiston 21:20 / 11.07.2018 3732

Tojikistonning So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida 6-7 iyul kunlari So‘g‘d 2018 — V Xalqaro savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tgani, unda O‘zbekistonning 40 dan ziyod korxonasi o‘z mahsulotlari bilan qatnashgani haqida avval ham xabar bergan edik.

Mazkur yarmarkada o‘zbek tadbirkorlarining ishtirokini tashkil etishda Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasining ham katta hassasi bo‘ldi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahriga qilgan tashrifi davomida ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga chiqarish yaqin ikki yil mobaynida o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd. AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan edi.

Shuningdek, davlatlar orasida vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilganligi asrlar davomida do‘stona yashab kelgan ikki xalq o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro munfaatlarga asoslangan iqtisodiy munosabatlar kundan kun rivojlanmoqda.

Hududiy boshqarmaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha o‘tgan davr mobaynida Savdo-sanoat palatasi ko‘magida birgina Xo‘jand shahrida O‘zbekiston savdo uyi tashkil etildi. «Saxovat» bozorida o‘zbek tadbirkorlar mahsulotlari sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Bozorda 300 ta savdo rastasi mavjud bo‘lib, hozirgi kunda 180 dan ortiq savdo rastasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘zlarining mahsulotlarini sotishmoqda.

Mahalliy hokimliklar, tashkilotlar va idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va So‘g‘d viloyati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

Kelishuv doirasida tojikistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan biznes forumlar, kooperatsion birjalarda ishtirok etib kelmoqda.

O‘z navbatida, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Tojikiston Respublikasida o‘tkazilayotgan biznes forumlar, ko‘rgazma yarmarkalarda ishtirok etishi tashkil qilinmoqda.

Palataning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 6-7 iyul kunlari Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro «SO‘G‘D-2018» ko‘rgazma-yarmarkasida 100 dan ortiq tadbirkor ishtiroki, shundan 42 ta tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etishi tashkil qilindi.

Shuningdek, «SO‘G‘D-2018» xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida Rossiya Federatsiyasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Germaniya, O‘zbekiston, Janubiy Koreya davlatlari tadbirkorlari hamda Xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu universal ko‘rgazma-yarmarkada tadbirkorlar tomonidan elektrotexnika vositalari, qurilish materiallari, oziq-ovqat, trikotaj, kosmetika, polimer mahsulotlari, avtomobil ehtiyot qismlari, muqobil manbalardan foydalangan holda energiya ishlab chiqarish texnologik uskunalari namoyish etildi.

Ko‘rgazma davomida Tojikiston Respublikasiga xalqaro investorlarni jalb qilish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirish mavzuida konferensiya tashkil etildi.

Ko‘rgazma davomida o‘zbekistonlik va tojikistonlik korxonalari tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. «SO‘G‘D-2018» ko‘rgazma-yarmarkasida ishtirok etgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan jami bo‘lib 6 mln. AQSh dollari miqdorida eksport shartnomalari imzolandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi sektor mudiri Mengliyev Dilshod Qurbonovich Kun.uz’ga bergan intervyusida bu yarmarkada ikkinchi marotaba qatnashayotganligini, o‘tgan yili 30 ga yaqin korxona ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi xalqaro savdo yarmarkasida 40 dan ziyod tadbirkor ishtirok etganligini ta'kidlab o‘tdi.

Jumladan, kelgusida Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida «Yug-2018» ko‘rgazmasida ishtirok etish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Turkiya, Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarida joriy yil davomida bo‘lib o‘tadigan xalqaro nufuzli ko‘rgazmalarda tadbirkorlarni ishtirok etishini ta'minlash borasida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Umuman, bunday ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashish mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etib, tadbirkorlar tomonidan yaqin va uzoq xorijiy bozorlarga mahsulotlarni eksport qilishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Sh.Shokirjonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: