Ramatov: Aeroportlar bilet sotishdan emas, xizmat ko‘rsatishdan daromad topishi kerak

O‘zbekiston 18:48 / 11.07.2018 36329

Nukus aeroportining yangi terminali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov aeroportlardagi xizmat ko‘rsatish sohasidan qoniqmasligini bildirdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

 “Bunday chiroyli terminallar xalqimiz, kelayotgan mehmonlar uchun juda zarur, lekin ulardan to‘liq foydalanish darkor. Terminal soatiga 400 yo‘lovchiga xizmat qilsa-yu, kuniga 200 yo‘lovchi foydalanadigan bo‘lsa, terminal atigi 5 foizga ishlaydi. Qolgan 95 foizi esa to‘xtab turadi. Terminal kuniga hech bo‘lmaganda 5-10 ming kishiga xizmat qilishi kerak, shundagina aeroport ishchi-xodimlarining oyliklari oshadi. Aeroportning faqatgina 5 foizi ishlab turishidan hech qanday foyda ko‘rilmaydi ”, - dedi Ramatov.

Ramatovning aytishicha, hozirda aviatsiya xizmati xalq talabini qondirib berolmayapti.

“Aeroportda samolyotlar to‘xtovsiz uchib turishi lozim. Kun bo‘yi bitta samolyot uchishi hech qachon o‘zini oqlamaydi. Hozirda o‘zini qoplash uchun faqat chipta sotishdan daromad topilmoqda”, deya qayd etdi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Nukus aeroporti 2017 yil 1 mayda rekonstruksiya uchun yopilgandi. Endilikda aeroportning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati ikki martaga oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: