Pora olgan mudiraga nisbatan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi

O‘zbekiston 22:44 / 11.07.2018 19727

Joriy yilning 29 iyun sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Dang‘ara tuman sudida sudlanuvchi B.U.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi. 

Fuqaro B.U. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v»  bandi, ya'ni pora olish moddasi  bilan sudlandi. 

Sud ochiq sud majlisida Dang‘ara tuman maktabgacha ta'lim muassasalari mudiralari ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Foto: Dang‘ara tuman sudi

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi B.U Dang‘ara tumanidagi 10-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi lavozimida ishlagan. 2018 yil 2 aprel kuni muassasaning Katta turk qishlog‘ida joylashgan filialida tarbiyachi yordamchisi sifatida ishlayotgan U.J.ga ishga muntazam ravishda kech qolib kelayotganligi hamda o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotganligini aytib, oyligi kam bo‘lgan oshpaz yordamchisi lavozimiga o‘tkazishini aytgan. 

Shundan so‘ng, U.J.ga tarbiyachi yordamchisi lavozimida qoldirishining yechimi borligini aytgan. Buni 300.000 so‘m pora evaziga qilishini tushuntirgan. U.J. bo‘lgan voqeani huquqni muhofaza qiluvchi organga borib aytgan. Ular tomonidan tezkor tadbir uyushtirilgan. U.J.ning qaynotasi X.A.dan ta'magirlik yo‘li bilan sudlanuvchi B.U. 300.000 so‘m pora olayotgan vaqtda xuquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Sud majlisida B.U. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, yengillik berishni so‘ragan. 

Foto: Dang‘ara tuman sudi

Sud B.U.ga sodir qilingan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, uning muqaddam sudlanmaganligi, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflanishi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, ayolligi hamda ish bo‘yicha jazoni yengillashtiruvchi barcha holatlarni e'tiborga olib, yengilroq jazo tayinladi. 
B.U.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 45,57-moddalarini qo‘llab, 3 yil moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalari yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi, eng kam oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Foto: Dang‘ara tuman sudi

Ma'lumot o‘rnida: Mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishi pora olish jinoyati deyiladi.

Jinoyat qonunchiligiga ko‘ra, pora olgan mas'ul mansabdor shaxs o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin. Lekin sud yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib jazoni yengillashtirishi yoki yengilroq jazoga almashtirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: