Nuriymon Abulhasan «Shuhrat – Dombrabadskiy» ishiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 19:51 / 11.07.2018 52037

Joriy yilning 11 iyul kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan xalq orasida «Shuhrat – Dombrabadskiy» (do‘mbirobodlik Shuhrat) nomi bilan tanilgan Nosirov Shuhratilla va uning akasi Nosirov Shavkat ishiga munosabat bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Do‘mbirobodda  «Nosirxon» jom'ye masjidi faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu masjid bilan bo‘lib o‘tgan voqealar OAVda ham yoritildi. Bunga munosabatim shundayki, avvalo masjidning qurilishi boshlanishi bilan unga sarflanayotgan mablag‘lar shubhali manbalardan xoli bo‘lishi lozim. Har bitta masjid qurilishida ishchilar tahorat bilan ishlaydi, bismillohni aytib, g‘isht qo‘yadi. Bu - talab.

Ming afsuslarkim, mustaqillikning ilk yillarida qandaydir yo‘llar bilan ishlab topilgan pullar evaziga masjid qurish, oxir-oqibat o‘zini yana namoyon qildi. Mablag‘larni biz sarf qilganmiz, deya hech kimdan ruxsat olmay, masjidga kirib, muhrdagi «O‘zbekiston musulmonlari idorasi» degan nomni chiqarib tashlashgan. Ular [aka-uka Nosirovlar] masjidni to‘liq egallab olishgandi.

Masjiddagi ahvol bo‘yicha nima uchun mutasaddilar shu paytgacha aytishmagan, bu hammasi surishtirilmoqda. Shunaqa holatlar takrorlanmasligi uchun juma tezislariga bir taklif kiritdik: masjid Allohning uyi ekani va masjidga hech kim da'vo qilolmasligi uqtirilmoqda. Masjid ibodat uchun muqaddas sajdagoh, unga hech kim tajovuz qilmasligi lozim. Bu uyat, bu harom», — deydi Nuriymon Abulhasan. 

Eslatib o‘tamiz, aka-uka Nosirovlarga nisbatan shu yilning 8 iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani IIB tomonidan O‘zbekiston JKning 145- (vijdon erkinligini buzish), 227-(hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 228- (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 165-(tovlamachilik) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: