Namanganda Koreya texnoparki tajribasi qo‘llaniladi

O‘zbekiston 16:53 / 11.07.2018 10177

Koreya Respublikasi texnoparklar assotsiatsiyasi raisi, Kyongbuk provinsiyasi texnoparki bosh direktori Jyexun Li boshchiligidagi delegatsiya biznes taklifi bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.

Mazkur tashrif Janubiy Koreyaning innovatsion siyosat borasidagi tajribasini o‘rganish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, koreyalik yoshlarning innovatsion faoliyati va tajribasini namanganlik yoshlarga kengroq tushuntirish maqsadida amalga oshirilmoqda. 

Foto: Hotamjon Mamadaliyev

Delegatsiya rahbari Jyexun Li, Kyongbuk provinsiyasi texnoparki korporatsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutaxassisi Chon Sa Ixen, Yongnam universiteti biznes boshqaruvi fakulteti professori Alisher Dadaxonov tashrif avvalida Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi. 

Muloqotda viloyat rahbari O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy, savdo va madaniyat, ilm-fan sohalaridagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani ta'kidlandi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Koreyaga davlat tashrifidan keyin hamkorlik aloqalari sifat jihatidan yangi davrni boshlab berdi.

 Uchrashuvda ham tomonlar texnoparklar tashkil qilishning huquqiy va iqtisodiy asoslari, ishlab chiqarish va texnika yo‘nalishidagi oliy ta'lim muassasalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ta'lim tizimida davlat va xususiy sektor sherikligi tamoyili asosida rivojlanish istiqbollari kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Foto: Hotamjon Mamadaliyev

Namangan shahar davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan uchrashuvda texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga oid Koreya tajribasi taqdimoti o‘tkazildi.

Tashrif doirasida delegatsiya a'zolari Kosonsoy tumanidagi texnopark qurilishi bilan yaqindan tanishishdi, ularga taqdimotda loyihalar haqida ma'lumotlar berildi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lib o‘tgan muloqotda Namangan viloyatining biznes imkoniyatlari, ishbilarmonlik salohiyati, sanoat korxonalari vakillari va tadbirkorlarning biznes loyihalari yaqindan tanishtirildi.

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: